Davlat statistika qo'mitasining 2022 yil 10 iyun kuni e'lon qilgan ma'lumotiga ko'ra, respublikada bir yilda atmosfera havosiga 909 ming tonna turli xil ifloslantiruvchi moddalardan iborat tashlamalar tashlangan.

Bu ko'rsatkich 2019 yilga nisbatan 43,8 ming (4,6 %) hamda 2020 yilga nisbatan 15,4 ming (2 %) tonnaga kamayganligini ko'rish mumkin.

Ma'lumot uchun: 2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish Konseptsiyasida har yili sanoat tashlamalarini 1 foizga kamaytirish belgilangan.

Tashlamalarning kamayishiga asosan korxona va tashkilotlarda “yashil” texnologiyalarga bosqichma-bosqich o'tish orqali kamchiqitli texnologiyalarning qo'llanilishi hamda turg'un tashlama manbalariga o'rnatilgan chang-gaz tozalash uskunalarining doimiy modernizatsiya qilinib, yangilanib borilayotganligi muhim ahamiyat kasb etyapti.

Birgina o'tgan 2021 yil davomida jami 131 ta korxonada 230 ta chang-gaz tozalash uskunalari modernizatsiya qilinib, 22 ta korxonada 60 ta yangi uskunalar o'rnatilgan.

Ushbu tadbirlar uchun jami 33,7 mlrd. so'm mablag' sarflangan.

Ayniqsa, ushbu tadbirlar Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg'ona viloyatlari va Toshkent shahrida keng ko'lamda amalga oshirilganligi bois ushbu hududlardagi tashlamalar miqdori oldingi yilga nisbatan mos ravishda 6,5 ming, 13,7 ming, 25,8 ming, 5,0 ming, 3,5 ming va 4,7 ming tonnaga kamaygan.

Mazkur tadbirlarni kelgusida yuqori saviyada va samarali tashkil etish maqsadida joriy yil boshidan respublikadagi atrof-muhitga xavflilik ta'siri yuqori va o'rta bo'lgan 270 ta yirik sanoat korxonalarining 1 071 ta chang-gaz tozalash uskunalarini 2022-2023 yillarda yangilash va modernizatsiyalash bo'yicha alohida Dastur ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi va ijroga qaratildi.