Atrof muhit muhofazasi bolalar nigohida

    Yashil sayyora 4 Iyun 2024 1018

    Kuni kecha Toshkent viloyati, Parkent tumanining “Chotqol madaniyat va istirohat bog‘i”da O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tashabbusi bilan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekopartiya fraksiyasi, Parkent tumani hokimligi, “Orient Ceramic” MChJ va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi hamkorligida 5-iyun' – Butunjahon atrof muhit kuniga bag‘ishlangan ekologik hayriya aksiyasi tashkil etildi.

    “Atrof muhit muhofazasi bolalar nigohida” shiori ostida o‘tgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekopartiya fraksiyasi deputatlari, Xalq deputatlari Toshkent viloyati va Toshkent shahar Kengashi deputatlari, Parkent tumani hokimligi, “Sharq ayoli” NNT, tumanning musiqa va san'at maktabi o‘quvchilari, “Ekolog” jamoat birlashmasi vakillari, Respublika Bolalar Ijtimoiy Moslashuv Markazi tarbiyachi hamda tarbiyalanuvchilari, O‘zbekiston Ekologik partiyasining “Yoshlar qanoti” va “Ayollar qanoti” a'zolari, “Orient-Ceramic” MChJ vakillari, tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalar va faol OAV xodimlari ishtirok etdilar.

    Ma'lumot o‘rnida qayd etish joizki, 1972 yil 5 iyunda Stokgol'm shahrida BMTning atrof muhitga bag‘ishlangan Konferensiyasida Butunjahon atrof muhit kunini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Mazkur qarordan ko‘zlangan maqsad xalqaro hamjamiyat e'tiborini atrof muhitni muhofaza qilish muammolariga hamda global ekologik inqirozning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratishdan iboratdir.

    Mana ellik ikki yildirki, dunyoning qator mamlakatlarida Butunjahon atrof muhit kuniga bag‘ishlab turli xil tadbirlar, jumladan, “yashil” konsertlar, ko‘rik-tanlovlar, bog‘lar yaratish, shuningdek, atrof-muhitni tozalashga qaratilgan turli ekologik aksiyalar o‘tkazilib kelinadi.

    Ming afsuski, iqlimning keskin o‘zgarishi, cho‘llanish va yer degradasiyasi, maishiy va sanoat chiqindilarining tobora ortib borishi, atmosfera havosining zararlanishi, suv resurslari manbalarining ifloslanishi va tanqisligi, o‘rmonlar va bioxilma-xillikning qisqarishi global ekologik muammolarga sabab bo‘lmoqda.

    Tadbirni kirish so‘zi bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Xamzaev hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Ekopartiya fraksiyasi rahbari Xayrullo Gapparovlar ochib, mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish borasida qator ishlar amalga oshirilganligi, xususan sohaning mustahkam huquqiy bazasi yaratilganligini, ekologik muammolar tobora globallashib borayotgan bugungi kunda Butunjahon atrof muhit kunining ahamiyati nechog‘lik kattaligini alohida qayd etdilar.

    Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta'minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Hozirgi va kelgusi avlodlar uchun beg‘ubor tabiiy muhitni saqlab qolish, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash kabi muammolarini bosqichma-bosqich va izchil hal etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani ta'kidlandi.

    Ishtirokchilar yer yuzining biror bir joyida O‘zbekistonda bo‘lganidek to‘rt faslni bir vaqtning o‘zida yonma-yon uchratish qiyinligi, betakror o‘lkamizning tabiatiga maftun bo‘lib boqishning o‘zi kifoya emasligi, bu boylikni asrab-avaylash lozimligi haqida gapirar ekan, parlament a'zolari va jamoat tashkilotilari vakillari faoliyatni ham davlat, ham jamiyat va har bir fuqaroning ishiga aylantirish uchun kurashning oldingi safida borayotganligini, sohadagi qonunchilikni takomillashtirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotganligini, o‘sib kelayotgan barkamol avlodning ekologik tarbiyasini kuchaytirish maqsadidagi ezgu ishlar yanada rivoj topayotganligini, alohida urg‘ulab o‘tishdi.

    2023 yil 11 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilinganligi va unda III-ustuvor yo‘nalish etib alohida ekologiya masalalari kiritilganligi qayd etildi.

    O‘zbekiston Respublikasi 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazishni maqsad qilib oldi.

    Ushbu maqsadlarga erishish uchun 2030 yilga qadar bo‘lgan davr ichida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish quvvatini qariyb 16 ming MVtga yetkazish rejalashtirilmoqda.

    Ta'kidlanganidek, amalga oshirilayotgan ishlar atrof muhit holatini yumshatish, tabiiy resurslarning degradasiyasi oldini olishga xizmat qiladi, tabiy resurslarni kelgusi avlodlar uchun qoldirish imkoniyati yuzaga keladi, fauna olami turli vakillarining ko‘payishi va tarqalishi uchun qulay ekotizim shakllanadi, cho‘l o‘rmonlari maydonlarining va bioxilma-xillikning kengayiishi mintaqada iqlim o‘zgarishini yumshashiga sharoit yaratadi.

    Pirovard natijada nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqada ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik barqarorlik ta'minlanadi.

    Tadbir davomida imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida “Biz tabiatni sevamiz” mavzusida tasviriy san'at tanlovi bo‘lib o‘tdi.

    Shuningdek, bolajonlar tomonidan tabiat haqida she'rlar aytildi, madaniyat xodimlari tomonidan esa kuy va qo‘shiqlar yangrab, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

    Tadbir yakunida “Orient Ceramic” MChJ rahbari, Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashi deputati Ulug‘bek Rasulov homiyligi ostida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faol ijod qilayotgan jurnalistlar, ekologik tadbirlarda doimiy qatnashib kelayotgan ko‘ngillilar, aholining ekologik madaniyatini oshirish hamda ushbu yo‘nalishda amaliy aksiyalar tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashilotlari vakillari, hamda imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasidagi rassom bolajonlar rag‘batlantirildi.

    O‘zbekiston Ekologik partiyasi

    Toshkent shahar partiya tashkiloti