Atrof-muhitni asrashda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini keng joriy etish lozim

    Keyingi yillarda butun dunyoda iqlim oʻzgarishlari aholi turmush sifatiga, iqtisodiyotga va ijtimoiy hayotga turli darajada taʼsir koʻrsatmoqda.

    Ayniqsa, murakkab ekologik muammolar qurshovida qolayotgan mintaqamizda ekologik muhitni asrash dolzarb masalaga aylandi. Prezidentimizning “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ustuvor vazifalarni belgilab bergani bilan juda ijtimoiy ahamiyatga ega hujjat boʻldi.

    Avvalo, ushbu farmonda eng muhim ekologik vazifalar belgilanishida keng jamoatchilik vakillarining taklif-mulohazalari hisobga olinganini alohida taʼkidlash zarur.

    Farmonga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha maxsus komissiya tuzildi. Maxsus komissiya qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilishi, shu jumladan, qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni oʻrnatishi va boshqa talablarni belgilashi muhim ahamiyatga egadir.

    Maxsus komissiyaning unga yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlar doirasida qabul qilgan qarorlari, koʻrsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanishi ekologik barqarorlikka erishishda tezkor choralar koʻrilishiga asos boʻladi.

    Xalq demokratik partiyasi mazkur farmonni real ehtiyojlarga muvofiq ravishda aholini ijtimoiy va ekologik muhofazalash boʻyicha eng zarur paytda qabul qilingan hujjat, deb hisoblaydi.

    Shu bilan birga, oʻz dasturiga muvofiq, davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni nazorat qilish hamda tartibga solish lozimligini taʼkidlaydi.

    Ushbu maqsadda iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari boʻyicha barcha jabhalarda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini joriy etish, mazkur jarayonlarni aholining mehnat muhofazasi, xavfsizlik darajasi va ishlab chiqarishning ekologik tozaligini taʼminlash bilan uygʻunlikda olib borish zarurligini qayd etadi.

    Belgilangan dolzarb vazifalarni sifatli amalga oshirish, murakkab ekologik vaziyatda aholining ehtiyojmand qatlami, xususan, bolalar va nuroniylarni muhofazalash boʻyicha ayrim choralar koʻrilishi kerakligini ilgari suradi.

    Birinchidan, poytaxtimizda va boshqa shaharlarda nuroniylar uchun xordiq chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, zarur hollarda ularga tezkor tibbiy va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish choralarini koʻrish muhimdir.

    Ikkinchidan, taʼlim muassasalarida, mashgʻulotlar va dars xonalarida havoni tozalash choralarini koʻrishga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq boʻladi.

    Xalq demokratik partiyasi parlamentdagi fraksiyasi, xalq deputatlari kengashlaridagi guruhlari va hududiy tashkilotlari bilan birga ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarning sifatli bajarilishi uchun keng jamoatchilik va taʼsirchan deputatlik nazoratini amalga oshirishga kirishadi.

    Xalq demokratik partiyasi

    Axborot xizmati