Oʻzbekistonda 15-apreldan 14-maygacha pedagoglar uchun attestatsiya test sinovlari boʻlib oʻtgandi.
Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan boʻlib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi.
Attestatsiya natijalariga koʻra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball toʻplab, ijobiy natijalar qayd etdi. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qoldi. Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija koʻrsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58,9 foiz) pedagoglar attestatsiyadan oʻtolmagan.
Attestatsiya test sinovlari davom etayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fan oʻqituvchilarining attestatsiyada tushgan test savollaridan norozi ekanligi aks etgan xabarlar tarqaldi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sardor Rajabov esa test topshiruvchilar oʻzining balidan qoniqmagan boʻlsa yoki berilgan savol spetsifikatsiyadan tashqari deb hisoblanayotgan boʻlsa, shuningdek u yerda xatolik bor deb hisoblasa, appelyatsiya berishi lozimligini eslatdi. Ammo attestatsiya natijalaridan norozi boʻlgan oʻqituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborildi. Bu esa pedagoglarning turli xil eʼtirozlariga sabab boʻldi.
Koʻplab pedagoglar bu holatni haqiqatdan ham test savollarining oʻta murakkabligi, validlik talablariga javob bermasligi, ayrim hollarda esa testlarning mavzuga aloqador emasligi bilan izohladi.
Pedagoglar tomonidan sudga kiritilgan daʼvo arizasida attestatsiya jarayonlariga oid 9 ta eʼtirozli holatlar keltirilgan boʻlib, ulardan eng asosiy urgʻu test savollarining murakkablik darajasi belgilangan vaqt meʼyoriga mutanosib emasligi hamda savollar tuzish jarayonida validlik va testologiya qoidalariga rioya etilmaganiga qaratilgan.
Shuningdek, daʼvo arizasida keltirilishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi apellyatsiya komissiyasi tomonidan pedagoglarning shikoyatlari asosli, huquqiy va daliliy baholanmasdan, “asossiz” deya topilib, rad etilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yildagi 572-sonli qarorning 60-bandida apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan eʼtiboran 5 kun muddatda murojaat etuvchi pedagog kadrning shaxsiy kabinetiga yuborilishi belgilangan boʻlishiga qaramay, ushbu talablar vakolatli organ tomonidan bajarilmagan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga pedagog kadrning bilimi notoʻgʻri baholangani, oʻquv fani boʻyicha test va malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar borligi, shuningdek, sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar boʻlgani sababli attestatsiya imtihonlarini qayta oʻtkazish majburiyatini yuklash, shuningdek pedagoglarga yetkazilgan maʼnaviy zararni undirish boʻyicha sudga daʼvo arizasi kiritilgan.









