Xo‘sh, bunga qanday zarurat bor edi?

Ma’lumki, autizm — ruhiyatning buzilishi bilan bog‘liq holat. Ushbu tashxis qo‘yilgan jajji bemorlar tashqi olam, atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. Yolg‘izlikni xush ko‘radi. Bir xil xatti-harakat va so‘zlarni takrorlaydi. 

Autizmga chalingan bola o‘z olamida yashaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Ularning xatti-harakatlarida hissiy kechinmalar asosiy o‘rin tutadi. 

Ushbu kasallik ko‘p hollarda 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda paydo bo‘ladi. Ammo uning ilk belgilarini aksariyat ota-onalar o‘z vaqtida payqay olmaydi. Yaqqolroq alomatlar esa 2-3 yoshli bemorlarda ko‘zga tashlanishi ehtimoli yuqori. 

Autizmning ilk bosqichlarida bola ota-onaning ayrim harakatlariga javob qaytarmaydi. Atrofdagi odamlar, qarindosh-urug‘lar, ularning farzandlari bilan do‘stona va iliq munosabatlar o‘rnata olmaydi. Jonsiz buyumlar va odamlarga ham bir xil munosabatda bo‘ladi. 

Kasallikka xos asosiy simptomlardan yana biri  bemor bolalarning  o‘zgalar ko‘zlariga tik qaray olmasligidir. Bunday holatda ular nigohlarini olib qochishga harakat qilishadi. 

Nutqdagi nuqsonlar, intellektual o‘yinlarni o‘ynay olmaslik, uyqu buzilishlari, tajovuzkorlikka moyillik va qo‘rquv ham autizm belgilari bo‘lishi mumkin. 

“Ushbu xastalikka chalingan bolalarga tibbiy amaliyotda taxminan 4 yoshligida aniq tashxis qo‘yiladi, — deydi AQSHda o‘tkazilgan yuqoridagi tadqiqot rahbari Jorjina Linch. — Lekin bu ancha kech muddat. Vaholanki, bunday bemorlarda 18-24 oyligidayoq tegishli muolajalar boshlansa, ularning sog‘lom hayotga qaytishi oson kechadi”.

Tadqiqot mualliflari tomonidan ishlab chiqilgan sinov testlari juda sodda. Uni hatto uy sharoitida ham bajarish mumkin. Buning uchun bolaning yorug‘likka bo‘lgan munosabati kuzatib borilsa, kifoya. 

Masalan, qorachiqlar odatda yorug‘ muhitda kengayadi. Nur kamroq tushadigan sharoitda esa yana o‘z holiga qaytadi. Yuqoridagi testni bajarishda ushbu jarayonning sodir bo‘lish tezligini baholash muhim. 

Olimlarning izohlashicha, bu refleks autizm tashxisi qo‘yilgan bolalarda sekinroq kechadi va qorachiqlarning asl hajmiga qaytishi uchun ko‘proq vaqt talab etiladi.