– Oʻzbekistonning dunyoga ochiqlik boʻyicha yangi siyosati Markaziy Osiyo mintaqasida geosiyosiy oʻsish surʼatlariga sezilarli ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi Markaziy Osiyoda davlatlararo munosabatlarning mustahkamlanishi va barqarorligida, iqtisodiy intensivlashtirish hamda gumanitar hamkorlikda oʻz aksini topib, muhim ahamiyat kasb etayapti, – deb yozadi maqola muallifi.

Maqolada Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida 2016-yildan qayta boshlangan doʻstona munosabatlar, hamkorlik aloqalari haqida soʻz borar ekan, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari muhim rol oʻynagani alohida eʼtirof etiladi.

Davlatlarimiz yetakchilari koʻp yillar davomida bahsli boʻlib kelgan chegara masalalarini ham yechishda faollik koʻrsatishgani, pirovardida, ahil qoʻshnilik va doʻstlik aloqalari yangi bosqichda rivojlana boshlagani, bu esa turli iqtisodiy loyihalarning amalga oshishiga yoʻl ochgani aytiladi maqolada.

Professor G.Maytdinova mamlakatlarimiz oʻrtasidagi chegara muammolari hal etilishi “Farhod” gidroelektrostansiyasi bilan bogʻliq Markaziy Osiyoga taʼsirli yana bir bahsli masalaga yechim boʻlganini qayd etadi.

Maqolada Oʻzbekistonning tinchlikparvarlik siyosati haqida ham soʻz boradi. Jumladan, Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi Oʻzbekiston tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanadi.

Oʻzbekiston Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari, jumladan, Afgʻoniston, Pokiston va Hindiston bilan hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha ham amaliy qadamlar tashlagani, bunda Transafgʻon temir yoʻli qurilishi muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlanadi.