Gʻoʻza maydonlarida toʻplangan hosil miqdorini chamalash(aprobatsiya)ni oʻtkazishdan maqsad, bugungi kungacha gʻoʻza parvarishida olib borilgan agrotexnik tadbirlarning samarasini aniqlash hamda avgust oyida amalga oshiriladigan tadbirlar koʻlamini belgilashdan iborat.

Kutilayotgan dastlabki hosilni aniqlash(chamalash) jarayonlarini oʻtkazish tadbiri gʻoʻza maydonlarining ekish sxemalaridan kelib chiqib, amalga oshiriladi. Oʻrtacha hosil elementlari sonini chiqarishda dala konturining katta-kichikligiga qarab, diagonal boʻylab 4 ta joydan namunalar tanlab olinadi.

Birinchi hisobga olinadigan namunani qatorni boshlanishidan yoki dala chetidan emas, balki dalaning 20-30 metr ichkari qismidan olish lozim boʻladi. Dalaning diagonali boʻylab 4 ta joydan olingan namunalarning oʻrtacha koʻrsatkichi chiqarilib, har 1 gektar maydonda necha dona koʻsak shakllanganligi aniqlanadi.

Shuningdek, gʻoʻza navlari biologiyasiga koʻra, Buxoro navlari ekilgan maydonlarda 1 dona koʻsakdagi paxtaning ogʻirligini oʻrtacha 3,5 gramm, boshqa gʻoʻza navlarida oʻrtacha 3 gramm va ingichka tolali gʻoʻza navlarida oʻrtacha 2,5 gramm meʼyorda hisobga olinadi.

Masalan, “Sulton” navi ekilgan 1 gektar maydonda oʻrtacha 730 ming dona koʻsak shakllangan boʻlsa, avgust oyida kamida yana 450-500 ming dona koʻsak olish boʻyicha ishlashimizga toʻgʻri keladi. Sanab chiqilgan oq va qizil gul hamda shona soni avgust oyida qoʻshimcha koʻsak shakllanishi bashoratini beradi.

Gʻoʻzada toʻplangan hosilni chamalash yoki aniqlash tadbirini oʻtkazish tartibi quyidagicha amalga oshiriladi.

Hosilni chamalash ishlari joylarda bevosita paxtachilik fermer xoʻjaliklari yoki klasterlarning masʼul xodimlari, agronomlari tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun Inspeksiyaning tumanlar boʻlimlari inspektorlari hududlarni boʻlib olib, “qoʻllanma” va “namunadagi jadval”ni har bir fermer va klaster korxonasi masʼul xodimiga shaxsan yetkazib, oʻtkazish tartibi boʻyicha tushuncha berishdi. Paxtachilik fermer xoʻjaliklari va klasterlar rahbarlari, ushbu tadbirga masʼul xodimlari, agronomlarni jalb etib, yuqorida aytib oʻtilgan qoidalarga amal qilgan holda gʻoʻza maydonlarida chamalash ishlarini oʻtkazishmoqda, deb xabar beradi Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori Bektosh Rahmonqulov.

Maʼlumot oʻrnida, joriy yilda viloyatda 75 ming 356 gektar yerga chigit ekilgan boʻlib, 2021-yilning 28-iyul holatiga koʻra, 12 ming 950 gektar yer maydonidagi gʻoʻzalarda 11-12 ta koʻsak mavjud. Bir kunda 11 ming 255 nafar ishchilar bilan 2 ming 364 gektar maydondagi gʻoʻzalarni chilpish ishlari amalga oshirilmoqda.