Bu haqda «Oʻzenergoinspeksiya« oʻz tekshiruvlari natijasida eʼlon qildi.
Tekshiruvlar davomida 179 ta holatda isteʼmolchilar elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulangan. Natijada 36,8 million kilovatt-soat elektr energiyasi hamda 8,7 million kub metr gaz talon-toroj qilingani aniqlandi.
Bundan tashqari, qoidabuzarliklar boʻyicha 476 ta maʼmuriy ish rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlarga nisbatan qonunda belgilangan choralar qoʻllanmoqda, materiallar esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
Taʼkidlash joiz, bunday holatlar iyul oyida ham kuzatilgan edi. Oʻshanda tizimga 96 milliard soʻmlik zarar yetkazilgani qayd etilgan. Mutaxassislar noqonuniy ulanishlarning oldini olish borasida qoʻshimcha choralar koʻrish zarurligini urgʻulamoqda.









