Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2022-yil avgust oyida 1072 birlikni tashkil etib, iyul oyiga nisbatan 7,2 foizga oshgan. Shuningdek, ishbilarmonlik faolligi indeksi o'tgan yilning mos davriga nisbatan ham 14 foizlik o'sish qayd etildi.
2022-yil avgust oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) o'tgan oyga nisbatan 7,2 foizga oshib, 1072 birlikni tashkil etishi quyidagi komponentlar darajasidagi o'zgarishlarga bog'liq bo'lgan:
– xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning bank hisobvaraqalaridagi opreatsiyalar soni 12,6 foizga;
– faoliyat ko'rsatayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar bo'yicha komponent 0,8 foizga;
– tovar-xomashyo birjasida xomashyo sotib olish jadalligi 6,4 foizga oshgan.
Shuningdek, tovar belgilari bo'yicha komponent 1,2 foizga mo''tadil kamaygan.
Hududlar kesimida Sirdaryo viloyatida eng yuqori o'sish sur'ati qayd etilgan.
2022-yil avgust oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi barcha hududlarda o'tgan oyga (2022-yil iyul) nisbatan o'sish kuzatilgan. Sirdaryo (67,5 foiz), Namangan (41,9 foiz), Farg'ona (22,5 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida (33,4 foiz) sezilarli darajada o'sish kuzatilgan.
BANK HISOBVARAQALARI BO'YICHA OPERATSIYALAR
2022-yil avgust oyida banklararo to'lov operatsiyalari soni 5722,6 mingtani tashkil etdi va 2022-yilning iyul oyiga nisbatan 652,2 ming tranzaktsiyaga (12,9 foiz) oshgan.
Banklararo to'lov operatsiyalari soni 12 ta hududda oshgan.
2022-yil avgustda respublikaning 12 ta hududida yuridik shaxslar o'rtasidagi bank operatsiyalari soni o'tgan oyga nisbatan oshgan. Xususan, sezilarli darajadagi o'sish Toshkent shahri (18,0 foiz), Qoraqalpog'iston Respublikasi (10,6 foiz), Farg'ona (10,3 foiz) va Buxoro (10,1 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Shu bilan birga ushbu ko'rsatkich Sirdaryo (-8,0 foiz) va Qashqadaryo (-1,4 foiz) viloyatlarida kamaygan.
TOVAR-XOMASHYO BIRJASIDAGI FAOLLIK
2022-yilning avgust oyida IFIning birja komponenti 1,0644 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o'tgan oyga nisbatan 6,4 foizga o'sganini anglatib, bitimlar sonining (7,3 foiz) oshgani va har bir bitim bo'yicha sotib olingan tovarlar o'rtacha hajmining (-0,4 foiz) kamaygani bilan izohlanadi.
Respublika tovar-xomashyo birjasida tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi 2022-yil avgust oyida 7357,4 milliard so'mni tashkil etib, ushbu ko'rsatkich o'tgan oyga nisbatan 8,1 foizga oshgan.
XO'JALIK YURITUVCHI SUB'EKTLAR FAOLLIGI
Faoliyat yuritayotgan xo'jalik sub'ektlari bo'yicha komponent 2022-yil avgust oyida 1,0077 birlikni tashkil etib, o'tgan oyga nisbatan 0,8 foizga oshganini ko'rsatadi. Ushbu ko'rsatkich o'tgan yilning mos davriga nisbatan ham ijobiy o'zgarib, 9,4 foizga ko'tarilgan.
2022-yil avgust oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar soni 2022-yilning avgust oyiga (610 041 birlik) nisbatan 5386 taga ko'payib, 615 427 birlikni tashkil etgan.
Yirik tadbirkorlik bilan shug'ullanuvchi korxonalar soni 21 taga oshgan.
Hisobot davrida, kichik korxonalar soni 498 214 tadan 503 426 tagacha ko'paygan (o'sish 5212 ta). Fermer xo'jaliklari soni 108 273 tadan 108 426 tagacha (o'sish 153 ta) ko'paygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan sub'ektlar soni 3575 tani tashkil etib, 2022-yilning iyul oyiga nisbatan 21 taga oshgan.
BRENDLARNI RO'YXATGA OLISH
2022-yil avgust oyida savdo belgilari muhofazasi bo'yicha biznes faolligi indeksi 0,9883 birlikni tashkil etib, ushbu ko'rsatkich 2022-yilning iyul oyiga nisbatan 1,2 foizga mo''tadil darajada kamaygan. Joriy yilning avgust oyida yuridik shaxslar tomonidan 337 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro'yxatga olingan.