Aviachipta puli qaytarib berildi

    Uchish vaqtiga yaqin qolganda fuqaroning Rossiya Federatsiyasiga kirishi uchun taqiq borligi aniqlangan.

    Farg'ona viloyati Rishton tumanida yashovchi fuqaro V.Xomidov O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaatida “Rishton parvoz trans” MCHJga qarashli aviachiptalarni sotish shoxobchasidan Toshkent – Moskva (Domodedovo aeroporti) yo'nalishi bo'yicha charter reys bilan uchuvchi aviatashuvchi chiptasini 1150 AQSH dollariga sotib olganini yozadi.

    Uchish amalga oshiriladigan vaqtga yaqin qolganda uning uchun Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun taqiq borligi to'g'risidagi ma'lumot aniqlangan. Natijada mazkur reys bilan ucha olmagan.

    Shundan so'ng u aviareys chiptasi pulini qaytarilishi borasidagi masalani mazkur shoxobcha sotuvchisi bilan hal qila olmaganini aytib o'tgan.

    Ushbu murojaat o'rganilishi natijada V.Xomidovga 1150 Aqsh dollari qaytarilishiga erishildi.

    Shuningdek, Namangan viloyati Mingbuloq tumanida yashovchi fuqaro T.T tomonidan kelgan murojaatda iste'molchi o'zi yashab turgan xonadonidan daromad olish maqsadida (M.M.) MCHJ bilan shartnoma qilib issiqxona qurdirgan, ammo MCHJ tomonidan shartnomada belgilangan muddatiga amal qilmay, sifatsiz va shartnoma shartlarini buzgan holda qurilgan issiqxona tufayli zarar ko'rgan. Jumladan, issiqxona ichiga ekilgan pomidor ko'chatlari ayni hosilga kirganda issiqxona buzilib tom qismi bosib tushgan. Natijada hosil nobud bo'lgan. Fuqaro T.T bir necha bor MCHJ rahbariga ushbu holat yuzasidan etkazilgan zararni qoplab berishini aytishiga qaramasdan hech qanday o'zgarish bo'lmagan.

    Murojaat o'rganilishi natijasida federatsiya mas'ul xodimlari tomonidan Namangan tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi.

    Shundan so'ng sud hukmiga asosan foydasiga ma'naviy zararlarni ham hisobga olgan holda 13 million so'm undirib berilishiga erishildi

    Yana bir murojaat Qoraqalpog'iston Respublikasi Taxiatosh tumanida istiqomat qiluvchi YU.U. ismli fuqarodan kelgan bo'lib, unda iste'molchi Nukus shahrida joylashgan “Korzinka.uz” savdo markazidan 4 million 800 ming so'mga xarid qilgan “Indesit” muzlatgichi sifatsiz ekani, sotuvchiga murojaat qilganida esa, almashtirib berishdan bosh tortganini aytib o'tgan.

    Mazkur murojaat o'rganilib, muzlatgich sifatlisiga almashtirib berildi.