Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak – Prezident

    Hukumat 2 Fevral 2022 7188

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

    Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari jamoatchilikka murojaat qildi:

    – Yoshligimizdan bilamizki, ota-onalarimiz hovlini, atrofni pok saqlash kerakligini aytardi. Xalqimiz azaldan tuproqni, suvni, tabiatni muqaddas deb bilgan. “Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Daraxt ekkan odamga uning savobi tegib turadi, deyilgan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan.

    Dunyo miqyosida sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqmoqda. Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak. Buning uchun biz tabiatga e’tibor berishimiz, faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutishimiz zarur.

    Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish. Bugun ko‘chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko‘rasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz? Axir, muqaddas kitoblarimizda ham “Poklik iymondandur” deyilgan.

    Nega bu masalada ommaviy axborot vositalari, mahalla faollari bong urmayapti? Qani nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz?

    Albatta, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda “bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

    Yig‘ilishda shu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

    Tahlillarga ko‘ra, deyarli barcha davlatlarda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib bormoqda. Mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy o‘sish hisobiga bu ko‘rsatkich 7 million tonnaga yetib, yiliga 2 foizdan o‘smoqda.

    Lekin ularni yig‘ish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emas. Misol uchun, Qoraqalpog‘istonda 10 foiz, Farg‘ona va Qashqadaryoda 20 foiz chiqindi qayta ishlanadi, xolos. 781 ta mahallada chiqindilarni olib chiqish masalasi hal etilmagan. Aholining bu sohadagi xizmatlar bo‘yicha debitor qarzdorligi ham ko‘p. Tibbiyot va ta’lim muassasalari, bozorlar uchun 19 ming dona chiqindi konteynerlariga ehtiyoj bor.

    Qurilish chiqindisi poligonlari tashkil qilinmay, ular yo‘l, dala yoki daryo bo‘ylariga tashlab ketilmoqda. O‘tgan yili 4 mingta holatda qurilish chiqindilari noto‘g‘ri joyga tashlab ketilgani aniqlangan.

    Xuddi shu kabi, mahalla, massiv va xiyobonlar hududidagi barg va daraxt shoxlarini yig‘ishtirish bilan shug‘ullanadigan mutasaddi yo‘q. Bu masalani hamma bir-biriga tashlash bilan ovora. Tibbiyot chiqindilarini saqlash, tashish va zararsizlantirish bo‘yicha ham yagona tizim mavjud emas.

    Umuman, yurtimizdagi 197 ta chiqindi poligonining birortasi sanitariya va ekologiya talablariga javob bermaydi, 24 tasi to‘lib bo‘lgan.

    Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda viloyat hokimlariga chiqindi poligonlarini tartibga keltirish, resursini o‘tab bo‘lganlarini ko‘mish bo‘yicha topshiriq berildi. Bunday poligonlar tashkil etish va ularni yopishga oid qonun loyihasi ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

    Maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilar ekan, buning uchun imkoniyat ham yaratildi. Xususan, endi import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona bojidan 3 yil muddatga ozod etiladi. Saralash va qayta ishlash texnikalari xaridi uchun 5 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi va qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan qismi qoplab beriladi. Bu ishlar uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘lari hisobidan 5 yil muddatga bosqichma-bosqich 500 milliard so‘m kredit ajratiladi.

    Bu sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi aytildi. Qayta ishlash quvvati bor klasterlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilandi. Buning evaziga ularga o‘z hududidagi chiqindilarni qayta ishlash darajasini kamida 40 foizga olib chiqish talabi qo‘yildi.

    Tuman va shaharlarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday korxonalar tashkil etish, hududlar uchun 500 ta maxsus transport olib kelish, ijtimoiy muassasalar va bozorlarga qo‘shimcha konteynerlar o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

    Shuningdek, Toshkent shahridagi “Maxsustrans” korxonasi transformatsiya qilinib, uning negizida davlat-xususiy sheriklik korxonasi tashkil etiladi. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, maishiy chiqindilarga to‘lov undirishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

    Organik, qurilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilishning xavfsiz tizimini yaratish zarurligi qayd etildi.

    – Bu sohani yil sayin takomillashtirib borish kerak, chunki yil sayin yangi muammolar paydo bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Ma’lumki, 2021-yil noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilinib, 200 million tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan edi. Bunga muvofiq, kuzda 85 million dona ko‘chat o‘tqazildi. Ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu yil bahor mavsumida 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda.

    – “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada ko‘rinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

    1 martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilindi. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llar chetida ixota daraxtzorlar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.

    Mutasaddi idoralarga barcha tuman va shaharlarni qamrab oladigan “mobil eko patrullar” faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

    Yig‘ilishda soha mutasaddilari va viloyat hokimlarining axboroti eshitildi.