Avstraliyada bir yil ichida birinchi marta uchragan COVID-19 holati tufayli karantin e'lon qilindi

    Avstraliya poytaxti Kanberrada bir yildan oshiq vaqt mobaynida birinchi marta koronavirus bilan bog'liq uchta holat aniqlanganidan keyin etti kunlik cheklov joriy qilinadi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

    Maʼlum qilinishicha, shahardagi deyarli barcha muassasalar yopiladi, faqat doʻkon, dorixonalar ishlaydi. Davlat idoralari, maktablar va universitetlar masofadan turib faoliyat olib boradi. Ikki kishidan ortiq yigʻilishlarga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, katta yoshli aholi koʻchada niqob taqishi shart.

    Cheklovlar paytida fuqarolar oʻz uylaridan faqat zarur oziq-ovqat, dori-darmon sotib olish, ish va oʻqish, shifokor huzuriga borish, COVID — 19 ga qarshi emlanish uchun chiqishlari mumkin boʻladi.

    — Biz bir yil ichida birinchi marta kasallik yuqtirgan bemor bilan aloqada boʻlgan toʻqqizta odamni bilamiz, — dedi hudud bosh sanitariya shifokori Kerrin Koulman. — Ulardan uchtasida COVID-19 uchun qilingan test ijobiy, qolganlarida esa salbiy natijani koʻrsatmoqda.

    Kanberra maʼmurlari poytaxtda bir necha oy ichida birinchi infeksiya holati uchraganini Sidneyda “delta” shtammining tarqalishi bilan bogʻliq, deb gumon qilmoqda.

    — Hozircha biz infeksiyaning manbasini bilmaymiz, lekin bir necha soatdan beri keng koʻlamli tekshiruv olib borilmoqda. Bu aholi salomatligi uchun biz bu yil, aytish mumkinki, pandemiya boshlanganidan beri duch kelgan eng jiddiy tahdiddir — dedi poytaxt rahbari Endryu Barr.

    Ayni paytda, Avstraliyaning eng yirik shahri Sidneyda lokdaun eʼlon qilinganiga yetti hafta boʻldi. Shuningdek, oʻtgan hafta rasmiylar mamlakatning ikkinchi yirik shahri Melburnda karantin joriy etishdi.

    Avstraliyada pandemiyaning butun davri mobaynida 37 mingdan ortiq koronavirus infeksiyasi va 947 ta oʻlim holati qayd etilgan.