Avstraliyalik bokschi Bahodir Jalolovdan revansh olmoqchi

    Superogʻir vazn toifasidagi avstraliyalik bokschi Teremoana Junior (5-0, 5 KO) havaskor boksdagi sobiq raqibi Bahodir Jalolov (14-0, 14 KO) bilan revansh jangini oʻtkazish istagini bildirdi.

    Teremoana va Jalolov 2024-yilda Parijda boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlarining chorak finalida toʻqnash kelishgandi. Jangda Bahodir hakamlarning yakdil qarori bilan gʻalaba qozonib, keyinchalik ikki karra Olimpiada chempioniga aylangandi.

    «Men, albatta revansh olishni xohlayman, chunki Olimpiadadagi gʻalaba meniki edi deb oʻylayman. Menga biroz vaqt bering, biz albatta professional boksda revansh jangini oʻtkazamiz. Men buni intiqlik bilan kutyapman», dedi Teremoana.

    Maʼlumot uchun, oʻtgan yilning noyabr oyida Eddi Xirn boshchiligidagi Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi 26 yoshli avstraliyalik charm qoʻlqop ustasi bilan shartnoma imzolagandi. U prof boksda hozirga qadar 5 ta jang oʻtkazib, ularning barchasida nokaut bilan gʻalaba qozongan.

    Junior bugun, 8-yanvar kuni oʻz mamlakatida germaniyalik Osasu Otobo bilan, Bahodir Jalolov esa 6-fevral kuni Kanadaning Monreal shahrida fransiyalik Devid Spilmont bilan jang qiladi.