Halok bo'lganlar orasida o'qituvchilar va o'quvchilar bor. Qurbonlar soni ortishi mumkin – bir qancha o'quvchi va o'qituvchilarning ahvoli og'ir, deb xabar bermoqda Avstriyaning Kronen Zeitung nashri. Bu Avstriyaning urushdan keyingi tarixidagi eng shafqatsiz ommaviy qotilliklardan biridir.

Gazetaning mahalliy manbalarga tayanib xabar berishicha, guvohlar maktab ichida 20 ga yaqin o'q ovozini eshitgan. Otishma mahalliy vaqt bilan taxminan 10:00 da shahar shimoli-g'arbidagi o'rta maktabda sodir bo'lgan. Hujum uyushtirgan shaxs maktabning ikkita sinfxonasida o't ochgan, avtomat quroldan o'q uzgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, hujum qilgan shaxs – ushbu maktab o'quvchisi hujumdan so'ng o'z joniga qasd qilgan. Uning jasadi maktab hojatxonasi polidan topilgan. Grats meri Elke Kar halok bo'lganlar orasida gumonlanuvchi borligi haqidagi avvalgi xabarlarni tasdiqladi. U Avstriya matbuot agentligiga ma'lum qildi. Hujum qilganning maqsadi va shaxsi oshkor etilmagan.

Voqea joyiga “Kobra” nomli maxsus bo'linma va politsiya vertolyoti jo'natildi. Grats politsiyasi mahalliy vaqt bilan soat 11.30 da voqea joyida barcha xavfsizlik choralari ko'rilgani va aholi uchun boshqa xavf yo'qligini ma'lum qildi. Xabar qilinishicha, Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner mamlakat janubi-sharqida joylashgan va 300 mingga yaqin aholisi bo'lgan Avstriyaning ikkinchi yirik shahri Gratsga yo'l olmoqda.

Hodisa 2015-yilda Gratsdagi ommaviy otishmaning o'n yilligi arafasida sodir bo'lgan, buni ko'pchilik mahalliy aholi hamon eslaydi. O'shanda uch kishi halok bo'lgandi, 36 kishi yaralangandi, deb xabar beradi Guardian. Hozircha bu ikki hujumning o'zaro bog'liqligi haqida hech qanday taxmin yo'q, deb xabar beradi rg.ru.