Avtobuslar hali yetib kelgani yoʻq — “Toshshahartransxizmat” AJ

    Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyning Yutong kompaniyasi 800 ta, yaʼni 500 ta tabiiy gazda, 300 ta elektrda harakatlanadigan avtobusni Oʻzbekistonga yetkazib bergani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

    Mazkur holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ quyidagilarni maʼlum qildi.

    Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 dona 12 metrli elektrobuslar xarid qilish belgilangan.

    Hozir Xitoyning “Yutong Bus Co Ltd” kompaniyasi va “Toshshahartransxizmat” AJ oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan, Xitoy kompaniyasi tomonidan 2023-yilning mart-may oylarida 12 metrli 500 dona “Yutong” rusumli avtobuslarni va 12 metrli 300 dona “Yutong” rusumli elektrobuslar ishlab chiqarish ishlari boshlangan.

    Joriy yilning mart oyi yakuniga qadar ushbu avtobuslarning 1-partiyasi, yaʼni 110 dona avtobus va 150 dona elektrobuslar Oʻzbekistonga yetkazib berilishi kutilayotganligini maʼlum qilamiz.