Avtobuslar uchun ajratilgan yoʻldan harakatlanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

    Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida“gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.

    Mazkur qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga transport vositalari haydovchilarining yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan harakatlanganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

    Bunda alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalarining harakatlanganligi, yondosh hududning kirish yoki chiqish joyidan 50 metr masofada uzuq-uzuq chiziqli joygacha yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joygacha harakatlanganlik, yoʻnalishli transport vositalari harakatiga xalaqit bermaslik sharti bilan yoʻlga chiqish, qatnov qismining chetki oʻng tomonida yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish uchun harakatlanganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmaydi.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat transportida yoʻlovchilarga sifatli va qulay xizmat koʻrsatilishini tashkil etish va jamoat transporti harakati ustuvorligini hamda yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.