Nizomga koʻra, taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini shartnoma asosida qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish (har 3 yilda bir marta) Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda tinglovchilar asosiy ish joyidan ajralgan holda oʻqitiladi.
Oʻquv jarayoni 25 nafardan ortiq boʻlmagan tinglovchidan iborat guruhlarda tashkil qilinadi.
Mazkur kurslarda oʻqish uchun talabgorlar Akademiyaning rasmiy veb-sayti orqali ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida oʻrganib chiqilib, kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda Akademiya va talabgor oʻrtasida shartnoma tuziladi.
Toʻlov miqdorlari:
- haydovchi-yoʻriqchilarni qayta tayyorlash, shuningdek malakasini oshirish kurslarining har biri uchun – BHMning 4,5 baravari (1 mln 350 ming soʻm);
- oʻqituvchilarni qayta tayyorlash kursi uchun – BHMning 4 baravari (1,2 mln soʻm), ularning malakasini oshirish kursi uchun – BHMning 7 baravari (2,1 mln soʻm).
Tinglovchilarga ularning oʻquv jarayonida ishtirokini taʼminlash hamda oʻquv dasturlarini oʻzlashtirishda tyutor (oʻqituvchi-konsultant) yordamlashadi.
Qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchiga diplom, malaka oshirish kursini tamomlagan tinglovchiga esa sertifikat taqdim etiladi.