Avtomashinaning kanalga tushib ketishi natijasida bir oiladan 4 kishi vafot etgan

    Xavfsizlik 19 Oktabr 2020 1181

    Angorda avtomashinaning kanalga tushib ketishi natijasida yongʻin kelib chiqdi. Qurbonlar bor.

    2020-yil 18-oktyabrda soat 23:00da Surxondaryo viloyati Angor tumani “Qorabogʻ” mahallasi hududidan oʻtuvchi M-39 avtomobil yoʻlining 1433 kilometrida Neksiya-3 rusumli avtomashina ishtirokida YTH sodir boʻlgan.

    Aniqlanishicha, yoʻlning yuqorida koʻrsatilgan qismida “Samarqand- Termiz” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan transport vositasi haydovchining boshqaruvni yoʻqotishi natijasida yoʻnalishdan chiqib ketib, yoʻl boʻylab oqib oʻtuvchi kanalga tushib ketgan va avtomobilda yongʻin kelib chiqqan.

    Natijada transport vositasining 27 yashar haydovchisi, uning 27 yashar turmush oʻrtogʻi, hamda 3 va 4 yoshli farzandlari ogʻir darajadagi tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etishgan.

    Mazkur holat yuzasidan 2020-yil 19-oktyabrda Angor tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati.