Harbiy xizmatchilarning ijarada turganligi uchun toʻlanadigan kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi
Qolaversa, 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlarning kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turarjoy bilan taʼminlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:
– Toshkent shahrida – BHMning 4,8 baravarigacha miqdorda;
– Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – BHMning 3,6 baravarigacha miqdorda;
– boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida – BHMning 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari belgilandi.
Bunda oila aʼzolari 3 kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
2026-yildan har yili har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari miqdori hududlar kesimida turarjoy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, Hukumat qarori bilan belgilab boriladi.
Yoshga doir pensiyalar avtomatik shaklda tayinlanishi amaliyotga joriy etiladi
Bunda:
— bugungi kunda mehnat faoliyatlarini davom ettirayotgan fuqarolarga mehnat faoliyatlariga oid barcha maʼlumotlarini raqamlashtirib, tekshirib borishlari tavsiya etiladi.
— Shuningdek, hozirda ishlamayotgan fuqarolar mehnat daftarchalaridagi maʼlumotlarni tuman Bandlikka koʻmaklashish markazlariga murojaat qilgan holda bepul raqamlashtirib olishlari mumkin.
Buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymati toʻliq qoplab beriladi
2025-yil 1-martdan renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan soʻng ruxsat beriladi.
Shuningdek, mulkdorlarga, ularning xohishiga koʻra, quyidagi kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi:
— buzilayotgan turarjoy obyektlari oʻrniga ularning maydonidan kam boʻlmagan renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan turarjoylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida koʻchish, shu jumladan, boshqa turarjoy obyektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq qoplash;
— buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymatini toʻliq qoplab berish;
— renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etish.
Qurilish tashkilotlariga imtiyozli kreditlar ajratiladi
“Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi qurilish tashkilotlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan koʻpi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.
Nogiron bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati joriy etiladi
2025-yil 1-martdan Qoraqalpogʻiston, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktyabrga qadar esa respublikaning qolgan hududlarida 3–18 yoshli nogiron bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Kunduzgi parvarish xizmati koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash tartibi joriy etilib, Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 3–7 yoshli bola uchun har kuniga — BHMning 25 foizi, 7–18 yoshli bola uchun — 27 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlarida 1,1 koeffitsiyent qoʻllanadi.
Kambagʻal oilalar bolalari uchun belgilangan subsidiyaning 30 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov ajratiladi.
Parvarish markazidan 3 km ortiq masofada yashovchi bolalarning qatnovi xususiy sherik tomonidan taʼminlanganda, har oy uchun BHMning 75 foizigacha kompensatsiya toʻlanadi.









