Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini soʻzsiz amalga oshirish va aholiga davlat xizmati koʻrsatilishini yaxshilashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi. Unda fuqarolarga pensiya tayinlash bilan bogʻliq meʼyorlar oʻrin olgan. Loyiha bilan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutilmoqda.

Xususan, pensiyalarning eng kam miqdorini belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda. OʻzXDP fraksiyasi aʼzolari bu meʼyor partiya gʻoyalari amalga oshishi kafolatini mustahkamlayotgani, pensionerlarning huquqlari himoyasi kuchaytirilayotganini qayd etishdi.

Shuningdek, loyihadagi ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi pensiyalar rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi haqidagi norma ham katta ijtimoiy ahamiyatga egaligi taʼkidlandi.

Loyihaga koʻra, fuqarolarning Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroning pensionerligi xaqidagi maʼlumotlar asosida jamgʻarib boriladigan pensiya tizimdagi toʻlovlarini olish huquqini yaratish nazarda tutilmoqda. Deputatlar bunday tartib fuqarolarni ortiqcha ovogarchilik va yugur-yugurlardan himoya qilishini qayd etib, qonun loyihasini maʼqullashdi.

Kun tartibidan oʻrin olgan yana bir masala harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bilan bogʻliq boʻlib, unda ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun qoʻllaniladigan jazolarni yengillashtirish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasiga koʻra, transport vositasi mulkdorining transport vositasini boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxs bilan birgalikdagi murojaatiga koʻra vakolatli organ tomonidan huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish belgilanganmoqda.

Bu borada yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxsga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibini joriy etish kutilmoqda. Shu masalani nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Gap shundaki, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 171-moddasining ikkinchi qismiga asosan yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka faqat yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxsi tortilishi belgilangan.

Mazkur loyiha bilan esa yuridik shaxsga tegishli transport vositasi notarial shaklda rasmiylashtirilgan hamda yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma asosida olgan shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qoʻshimchalarni kiritish taklif etilmoqda.

Deputatlar ushbu oʻzgarishlar aybsiz aybdor boʻlib qolayotgan fuqarolarning huquqlarini tiklashga, huquqbuzarning aynan oʻziga nisbatan chora koʻrilishi, qonun ustuvorligi taʼminlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi.

Ammo fraksiya aʼzolari mazkur tartib faqat yuridik shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi zarurligini qayd etdi. Yaʼni, loyihada taklif etilayotgan “transport vositasining mulkdori” degan soʻzlardan keyin “yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy tartibda foydalangan shaxs” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin, degan oʻzgartirishga eʼtiroz bildirdi. Chunki ushbu holat jismoniy shaxslar oʻrtasida tushunmovchiliklarga sabab boʻlishi mumkin. Ishonchnoma bilan avtomobildan foydalanayotgan haydovchi hamda mulkdor oʻrtasida jarimalarni toʻlash bilan bogʻliq masalada kelishmovchiliklar kuzatilmagan hamda toʻlovlarni amalga oshirish bilan bogʻliq elektron tizim muammosiz ishlab kelmoqda. Shu sababli yangi tartib faqatgina yuridik shaxslarga tegishli boʻlishi maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Fraksiya aʼzolari yana qator loyihalarni birinchi hamda ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqdi. Har bir masala yuzasidan oʻz fikr va takliflarini bildirdi. Muhokamalardan yakunida loyihalar qoʻllab-quvvatlandi, deb xabar beradi XDP matbuot xizmati.