Afsuski, koʻpchilik haydovchilar gaz balloni qancha bosim ostida boʻlishi kerakligini bilmaydi yoki bilsada, amal qilishni xohlamaydi. Transportda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, gaz ballonlarini oʻz vaqtida nazoratdan oʻtkazmaslik qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi esa hech kimga sir emas.
Xoʻsh, avtomobil gaz balloni nima uchun portlaydi? Buning oldini olish mumkinmi?
Quyida avtomobilga oʻrnatilgan gaz balloni portlashiga sabab boʻluvchi omillar, ularni bartaraf etish va transportda xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlari haqida soʻz yuritamiz.
Quyidagi omillar transportga oʻrnatilgan gaz ballonlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini belgilab beuvchi asosiy mezonlar hisoblanadi:
Foydalanish muddati. Ishlab chiqaruvchilar tomonida gaz ballonlarning foydalanish muddati – 15 yil, deb belgilangan. Ammo, uni saqlash va ekspluatatsiya sharoitining ogʻirligiga qarab bu muddat kamayishi mumkin. Yaʼni, gaz ballondan belgilangan meʼyor va talablar asosida foydalanilmasa, albatta u muddatidan oldini yaroqsiz holatga kelib qoladi.
Davriylik sikli. Bu koʻrsatkich gaz ballonga bir yilda necha marta gaz quyish kerakligini anglatadi. Bu koʻrsatkich ishlab chiqruvchilar tomonidan yiliga mingta deb belgilangan. Ammo, amaliyotda ayrim haydovchilar gaz ballonga yiliga ikki ming marotabadan ham koʻproq gaz quyishadi. Bu ham gaz ballonning “umrini qisqartiradi”.
Bosim. Gaz ballondagi bosim 20 megapaskaldan oshib ketmasligi kerak. Afsuski, koʻpchilik haydovchilar uzoqroq yoʻl bosish maqsadida koʻproq bosim ostida gaz quyishga harakat qilishadi. Buning oqibati esa ayanchli yakun topishi mumkin.
Texnik koʻrik. Gaz ballonlar har yili kamida bir marotaba yuqori bosim ostida sinovdan oʻtkazilishi kerak. Bu gaz ballon devorlarining mustahkamligini, tashqi va ichki deformatsiyaga uchramaganligini aniqlash va yana bir yil foydalanish uchun ishonch hosil qilish imkonini beradi. Shuningdek, ballondagi gaz choʻkmalari va boshqa chiqindilar tozalanib, yuviladi. Afsuski, koʻpchilik haydovchilar gaz ballonni sinovdan oʻtkazishdan qochishadi. Buning uchun noqonuniy yoʻllardan ham tap tortishmaydi. Oqibatda gaz ballonlar yillar davomida sinovdan oʻtkazilmasdan qolib ketaveradi. Ballon mahkamlangan konstruksiyalardagi himoya rezinalari shikastlanadi, temir konstruksiyalar va tashqi muhit taʼsirida ballonda deformatsiya boshlanadi, gaz choʻkmalari taʼsirida ichki yemirilish kuchayadi va oxir-oqibat gaz ballon portlaydi.
Sifat. 2018-yil fevral oyidan buyon respublikamizda SPG-2 turdagi (kapron) gaz balloni foydalanishdan chiqarilgan. Bunga mazkur gaz ballonlarning mustahkamligi yetarli darajada emasligi va foydalanish muddatining kamligi sabab qilib koʻrsatilgan. Ammo, hozir ham “kapron” kompozit qoplamali gaz ballonlaridan foydalanish holatlari tez-tez uchrab turadi. Eng xatarlisi, ayrim holatlarda ballon yuzasidagi kompozit qoplamani olib tashlab, xuddi poʻlat ballondek koʻrsatish holatlari aniqlanmoqda. Bu esa juda xatarli.
Toʻgʻri oʻrnatish. Gaz ballonlar faqat tegishli litsenziyaga ega mutaxassislar tomonidangina oʻrnatilishi lozim. Shuningdek, gaz uskunalarining standart xavfsizlik klapanlari boʻlishi kerak. Arzon va qoʻlbola xavfsizlik klapanlari tezda ishdan chiqadi va zarur hollarda ishlamay qoladi. Oqibati esa hammaga maʼlum.
Hech bir avtomobil favqulodda vaziyatlardan toʻliq muhofaza etilmagan. Ammo, xavfsizlik talablariga rioya etish orqali bunday koʻngilsizliklarning oldini olish mumkin. Shu sababli, transport vositalarini doimo soz holatda boshqarish, harakat davomida xushyorlikni yoʻqotmaslik hamda gaz ballonlarini oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazish lozim.









