Avtomobil oldi-sotdi jarayonlarini onlayn amalga oshirishga ruxsat beriladi

    Sotuvchi ma’lumotlarni E-notarius portaliga kiritadi, so‘ngra notarius videokonferensaloqa orqali bitimni tasdiqlaydi.

    Endi avtomototransport vositalarining oldi-sotdi jarayonlarini onlayn tarzda amalga oshirish mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva xabar berdi.

    Bundan avtomobil sotuvchisi “E-notarius” axborot portali orqali foydalanishi mumkin.

    Portalga kirganda “Notarial harakatni rasmiylashtirish” bo‘limini tanlab, shaxsiy ma’lumotlarni kiritish kerak, shundan so‘ng notarial harakat amalga oshiriladi.

    Sotuvchi solitayotgan avtomototransport vositasini tanlab, uning narxini kiritadi. Shu bilan birga, xaridorning JShShIRini, pasport raqami va seriyasini hamda telefon raqamini kiritishi kerak.

    Undan keyin sotib oluvchining telefon raqamiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Bunda xaridor havolaga kirib, Face-ID orqali verifikatsiyadan o‘tadi va o‘z roziligini tasdiqlaydi.

    Shundan so‘ng, notarius avtomatik tarzda yoki ixtiyoriy ravishda tanlanadi. Notarius esa notarial harakatni rasmiylashtirishga qabul qilib, vaqtni belgilaydi va taraflarning mobil telefoniga SMS-xabarnoma yuboradi.

    Belgilangan vaqtda notarius taraflar ishtirokida videokonferensaloqa orqali notarial harakatni rasmiylashtiradi.

    Bitimning asl nusxalari esa taraflarga kuryerlik (pochta) xizmati orqali yuboriladi.