Avtomobil yoʻli oʻrtasida ovqatlangan bloger jarimaga tortildi

    Ijtimoiy hayot 5 Yanvar 2024 1022

    Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida blogerning piyodalar oʻtish yoʻlagi va ajratuvchi boʻlakka stol qoʻygancha ovqatlanayotgani aks etgan video tarqaldi.

    Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirib, bloger jarimaga tortilganini maʼlum qildi.

    Unga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik; bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima jazosi) va 138-moddasi (Piyodalar va yoʻl harakati boshqa ishtirokchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi; BHMning uchdan bir qismi) bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va tushuntirish ishlari olib borilgan.

    “Endi bunday holat boshqa qaytarilmaydi. Xatomni tushunib yetdim. Boshqalarga ham tavsiya qilmayman. Yoshlar, men qilgan ishni qaytarmanglar”, — degan bloger.