“Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinadi

    Bundan qariyb 20-yil oldin qabul qilingan “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonun hozirgi zamon talablariga javob bermayapti. Soʻnggi yillardagi islohotlar, bugungi dolzarb masalalar unda aks etmagan.

    Bu haqda kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev yoʻl xoʻjaligidagi ishlar natijadorligi va rejadagi loyihalar boʻyicha taqdimot bilan tanish chogʻida aytib oʻtildi.

    Yigʻilishda qayd etilishicha, mazkur qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Unda, jumladan, “avtomobil yoʻllarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etib, yoʻl infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning oʻsib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda.

    Yoʻllarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish hamda piyodalar uchun toʻsiqsiz muhitni yaratish boʻyicha qatʼiy talablar oʻrnatilmoqda. Kommunikatsiya tarmogʻini qurishda yoʻlning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda.

    Pulli yoʻllarning huquqiy asoslari, ajratilgan va yoʻl boʻyi mintaqalarida servis binolarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda. Yoʻllarda katta hajmli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda.