Qarorga koʻra, 2021-yil 15-maydan 2022-yil oxirigacha avtomobilda yoʻlovchi tashish faoliyatini tartibga solishni soddalashtirish boʻyicha eksperiment oʻtkaziladi. Bunda:

yoʻlovchilarni haydovchidan tashqari toʻrttadan ortiq boʻlmagan oʻrindiqlarga ega boʻlgan yengil avtotransportlarda tashish yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga kiritiladi;

yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoʻlovchilarni yengil avtotransportlarda tashish litsenziya varaqasiga asosan amalga oshiriladi;

litsenziya varaqasi 21 yoshga toʻlgan va boshqaruvida arizani berish vaqtida 10 yildan ortiq boʻlmagan vaqt davomida ekspluatatsiya qilinayotgan avtomobil mavjud boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi;

avtomobilda yoʻlovchilarni tashish bilan shugʻullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar “Akkreditatsiya markazi” DUKda akkreditatsiyadan oʻtgan texnik xizmat koʻrsatish stansiyalarida 6 oyda kamida 1 marotaba transport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazishi shart;

yakka tartibdagi tashuvchilar litsenziyaga ega korxonalarda hamda yoʻlovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash boʻyicha interaktiv xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlar (agregatorlar) tomonidan tashkil qilingan maxsus tekshiruv punktlarida oylik tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart;

yakka tartibdagi tashuvchilarga yoʻlovchilarni avtomobil transportida tashish faoliyati doirasida xodimlarni ishga yollashga ruxsat etilmaydi;

2021-yil 1-sentyabrgacha yakka tartibdagi tashuvchilarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi;

yakka tartibdagi tashuvchilardan litsenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji yiliga BHMning bir barobari miqdorida undiriladi. Bunda davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun yigʻim undirilmaydi;

yakka tartibdagi tashuvchilar qatʼiy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 3 tonnagacha yuk koʻtarish imkoniyatiga ega avtomobil transportida yuklarni tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan stavkada toʻlaydi.