Prezidentning 2019-yil 9-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl xoʻjaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5890-son Farmonini bajarish maqsadida tayyorlangan.
Loyiha bilan quyidagilarni tasdiqlash rejalashtirilmoqda:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmalariga avtomobilga yonilgʻi va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi isteʼmolchilarga realizatsiya qilishda yoqilgʻi birligi uchun 25 soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirishga maxsus yigʻimni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (1);
- transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yigʻimdan tushadigan mablagʻlar hisobini yuritish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (2);
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlarining manzilli roʻyxatlarini kelishish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (3).
Nizom (1) bilan maxsus yigʻim miqdorlari Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan keng jamoatchilik muhokamasi asosida, muayyan maʼmuriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olib va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi. Shuningdek Nizomda maxsus yigʻimni hisoblash va uni hududiy jamgʻarmalarga toʻlash tartibi yozilgan.
Nizom (2) transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yigʻimdan tushadigan mablagʻlarni joriy qilish, toʻlash va hisobini yuritish tartibini nazarda tutadi.
Yillik toʻlov Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablagʻ oluvchilar hamda nogironlar uchun maxsus jihozlangan avtotransport vositalariga yillik yigʻimlar undirilmaydi.
Transport vositasiga egalik yigʻimi subyekti boʻlib yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Nizom (3) tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlari boʻyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish
(barcha zarur hujjatlarning mavjudligi va toʻliqligini tekshirish, gidrometeorologik, geologik xarakterdagi, neotektonik holatlarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va ularning oqibatlarini bartaraf etish ishlarini iqtisodiy baholash, moliyalashtirish ishlarini oʻz vaqtida olib borish), manzilli roʻyxatlarni shakllantirish, kelishish, tasdiqlash va ushbu xarajatlarni moliyalashtirish tartibini belgilab beradi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.