“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan yolgʻiz qariyalar, koʻp farzandli ehtiyojmand oilalarga issiq kiyim, oziq-ovqat tarqatish, eng ogʻir hollarda ularni sharoiti bor joylarga joylashtirish, mahallalarda issiq ovqat tarqatish punktlarini tashkil etish topshirildi.

Har bir dehqon bozorida sharoitlarni yaxshilash va narx-navo tartibga solish, yirik korxonalar, ijtimoiy obyektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Yongʻinni oldini olish boʻyicha amaliy va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xonadonma-xonadon isitish vositalaridan toʻgʻri foydalanish boʻyicha tushuntirish ishlarini tashkil qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Avtomobilga gaz quyish shoxobchalarida davom etayotgan oʻgʻirliklarga barham berish shartligi taʼkidlandi.

Misol uchun, oʻtgan haftada birgina Vobkent tumani va Buxoro shahridagi 3 ta shoxobchada 26 million kubmetr (26 milliard soʻmlik) gazdan yashirincha foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu gaz hajmi bilan 44 ming xonadonni yoki bitta katta tuman aholisini 1 oy gaz bilan taʼminlash mumkin edi.

Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Valiyevga shu masalada tartib oʻrnatish topshirildi.

Umuman, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini oʻrganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qatʼiy javobgarlikka tortish topshirildi.

Yigʻilish yakunida tegishli mutasaddilar va hududlar hokimlari hisobot berdi.