Avtomobillar va ehtiyot qismlar Piskentda sinovdan o'tkaziladi

    Transport 6 Iyun 2020 797

    Piskent tumanida elektromagnit moslashuvchanligi laboratoriyasi barpo etilmoqda.

    endilikda chetdan olib kelinadigan va o'zimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar hamda ularning ehtiyot qismlari shu erda sinovdan o'tkaziladi. Soha mutaxassislarining ta'kidlashicha, loyiha Markaziy Osiyoda yagona bo'lib, chexiyalik va germaniyalik hamkorlar bilan amalga oshirilmoqda.

    CHexiyadagi “EXPORTA kompaniyasi laboratoriya qurilishi, jihozlanishi va akkreditatsiyasini o'z zimmasiga olgan bo'lib, shuningdek, CHexiya metrologiya instituti mutaxassislarini jalb etgan holda mahalliy mutaxasislar tayyorlash, ularning malakasini oshirishda ham hamkorlikni yo'lga qo'yish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

    Bugun tumandagi Janubiy avtopoligondan ajratilgan 20 gektar maydonda qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda. Laboratoriyaning birinchi qismi joriy yilning avgust oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. Qurilishni 2023 yilgacha to'liq yakunlash ko'zda tutilgan.

    Loyihaning umumiy qiymati 1,3 million AQSH dollaridan iborat bo'lib, uning 15 foizini “O'zstandart” agentligi huzuridagi Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi o'z zimmasiga olgan, qolgan 85 foizi esa xalqaro moliya muassasalari tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit hisobidan qoplanadi.

    Ahamiyatlisi, laboratoriya Evropa hamda O'zbekiston texnik reglamentining belgilangan talablari asosida barpo etiladi va tahliliy xulosalari Evropa davlatlari tomonidan to'liq tan olinadi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, laboratoriya foydalanishga topshirilgach, nafaqat engil avtomobillar, balki qishloq xo'jalik texnikalari, og'ir yuk tashuvchi transport vositalari va ularning butlovchi qismlari ham xalqaro parametrlar bo'yicha sinovdan o'tkaziladi. Asosiy maqsad mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulot sifatini yaxshilash orqali mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish va iste'molchilar manfaatini ishonchli himoya qilishga qaratilgandir.