Shu yilning 16–18-fevral kunlari mamlakat boʻylab havo haroratining keskin pasayishi va joylarda harorat kunduzi 3–8 daraja, kechasi 11–16 darajagacha sovuq boʻlishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan “Hududgaztaʼminot” AJ birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan taʼminlash choralari koʻrilishini maʼlum qildi. Buning uchun Respublika boʻyicha 262 ta avariya brigadalarini shay holatga keltirgan.

Shuningdek, havo harorati pasaygan davrda isteʼmolchilarga tabiiy gazdan foydalanishda ehtiyot choralarini koʻrish, isitish moslamalari va ovqat tayyorlash jarayonida gaz plitalarini qarovsiz qoldirmaslik, ventilyatsiya tizimiga alohida eʼtibor berish zarurligi, shuningdek, is gazidan zaharlanish xavfini oldini olish uchun nostandart isitish uskunalari va qoʻlbola yondirgichlardan foydalanmaslikni eslatib oʻtildi.

Shu bilan birga, “Hududgaztaʼminot” AJ fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini oʻchirishni, gaz jihozlari ishlab turgan xonalarda dam olishga yoʻl qoʻymaslikni va chiroqni yoqishdan oldin gaz hidi yoʻqligiga ishonch hosil qilib, u aniqlangan holda gaz xizmatiga murojaat qilishni soʻraydi.

Fursatdan foydalanib, “Hududgaztaʼminot” AJ isteʼmolchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash uchun toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirish zarurligini eslatib oʻtadi. Toʻlovlarni tuman gaz taʼminoti boʻlimlari va joylarda tashkil etilgan bank filiallarida, shuningdek, barcha toʻlov tizimlarining mobil ilovalari orqali 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin.

Sovuq kunlarda gaz isteʼmolining ortishi munosabati bilan, AGTKSHlarda navbatlar va noqulayliklar yuzaga kelishini oldini olish maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ haydovchilardan oʻz avtomobillarini yonilgʻi bilan taʼminlab olishlarini soʻraydi.

Ayni vaqtda mamlakatdagi barcha AGTKSHlar 24 soatlik rejimda faoliyat yuritmoqda, biroq yaqin orada mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda ularning ish grafigiga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.