Avtomobilni ijara berish tartibi soddalashtirildi

    Prezident tomonidan 9-fevral kuni “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-752-son Qonun imzolandi.

    Endilikda, avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda, elektron onlayn-auksion natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega buladi. Qoʻshimcha FKning 565-moddasiga kiritildi.

    “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasining birinchi qismi oltinchi xatboshi bilan toʻldirildi. Endilikda, SSP xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlaydi, bundan tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuzaga kelgan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlari mustasno.

    Shuningdek, SKning 483-moddasida belgilangan vaqtinchalik soliq imtiyozlarining muddati uzaytirildi. Agar ilgari QQS boʻyicha imtiyoz 2021-yil 1-maydan 31-dekabrgacha taqdim etilgan boʻlsa, endi bu muddat 2021-yil 1-maydan 2022-yil 30-aprelgacha belgilandi. SKning 483-moddasi 10-qismida nazarda tutilgan imtiyoz ham 2022-yil 30-aprelgacha uzaytirildi.