“Avtotrans-Urgut” DUK faoliyati toʻxtatildi

    Uning mansabdor shaxslari yirik miqdordagi pullarni talon-toroj qilgan

    Joriy yilning mart oyida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan “Avtotrans-Urgut” DUK mansabdor shaxslari tomonidan yoʻlovchi tashishdan tushadigan naqd pul va soliqqa toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni talon-toroj qilib kelayotganligi aniqlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, mazkur shaxslar tomonidan korxonada uyushgan guruh tashkil etilib, ular aniq reja asosida jinoiy faoliyat olib borgan.

    Jumladan, mazkur jinoiy guruh tomonidan davlatga toʻlanishi lozim boʻlgan kredit mablagʻlari ham oʻzlashtirilgan. Oqibatda sunʼiy ravishda qarzdorlik oshirilib, korxonaning xoʻjalik-moliyaviy holati qasddan “sindirilgan”.

    Oʻtkazilgan monitoring davomida aniqlanishicha, “Avtotrans-Urgut” DUK uchun davlat tomonidan 60 ta avtobus sotib olish va korxona ustav jamgʻarmasini shakllantirish maqsadida jami 4,5 mlrd. soʻm mablagʻ oʻtkazib berilgan.

    2021-yilning mart-avgust oylarida jamiyat kassasiga kirim qilingan naqd pullar AT “Ipotekabank” Samarqand filialiga topshirmasdan kelingan va 1,5 mlrd. soʻm mablagʻ jinoiy guruh tomonidan oʻzlashtirib yuborilgan.

    Bundan tashqari, ushbu guruh tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanmasdan, yashirilgan holda soliq hisobotlari tuman davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etilgan.

    Shu bilan birga, jinoiy guruh korxonaning yuridik manzilini Urgut tumanidan Samarqand tumaniga koʻchirgan. Oʻzlashtirilgan pul mablagʻlarini toʻlashdan qochish va DUKni oʻzlashtirish maqsadida korxonani sunʼiy ravishda inqiroz holatiga keltirishgan.

    Ushbu masʼullar sunʼiy ravishda bankrot holatiga olib kelingan korxonani ochiq auksion savdosida bor-yoʻgʻi 1,7 mlrd. soʻmga baholatib, oʻzlari sotib olishni rejalashtirgan.

    Ayni paytda ushbu jinoiy faoliyat boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.