Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil yoʻllari boʻylab katta hajmli va ogʻir vaznli avtotransport vositalarining harakatlanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga koʻra:
- avtomobil yoʻllarida vazn va hajm parametrlari nazorati boʻyicha zamonaviy oʻlchov vositalari bilan jihozlangan statsionar va koʻchma shoxobchalar oʻrnatilib, ularni ishlatishga xususiy sektor jalb qilinadi;
- shoxobchalar auksion orqali tadbirkorlik subyektlariga 20-yil muddatga ijara asosida va boshqa shaxslarga oʻtkazish xuquqi bilan beriladi.
Qaror bilan Avtomobil yoʻllarida ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar va koʻchma shoxobchalarni tadbirkorlik subyektlari
tomonidan tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Elektron onlayn auksion savdolariga qoʻyish uchun oʻlchov-nazorat shoxobchalari oʻrnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlangʻich narxi):
- xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarida – BHMning 50 baravari;
- davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarida – BHMning 40 baravari;
- mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarida – BHMning 30 baravari miqdorida belgilanadi.
Elektron onlayn-auksion savdolaridan tushgan mablagʻlar elektron savdo maydoni operatori xarajatlarini chegirib tashlangan holda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi faoliyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Ishga tushirilgan oʻlchov nazorat shoxobchalari orqali qayd etilgan yuk tashish qoidalari (tegishli ruxsatnomasiz ogʻir vaznli, yirik gabaritli, yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit oʻlchamlari, shuningdek, umumiy haqiqiy vazni, oʻqqa tushuvchi ogʻirligi belgilangan normalardan ortiq boʻlgan transport vositalarida yoʻlga chiqish, xuddi shuningdek, ruxsatnomada koʻrsatilgan harakat yoʻnalishidan chetga chiqish) buzilgani uchun undirilgan jarimalar summasidan tushgan mablagʻlarning:
Dastlabki 2-yil davomida:
- 40 foizi — tadbirkorlik subyektiga;
- 35 foizi — jamgʻarmaga;
- 15 foizi — Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasiga;
- 10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetiga;
2-yil oʻtganidan soʻng:
- 30 foizi — tadbirkorlik subyektiga;
- 45 foizi — jamgʻarmaga;
- 15 foizi — Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasiga;
- 10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetiga yoʻnaltiriladi.
Bunda fuqarolarga yuboriladigan jarimalar boʻyicha pochta, internet va SMS xabarnomalar uchun sarflanadigan hamda jarimalarni saralash va ular boʻyicha qaror qabul qilish ishlariga shartnoma asosida jalb etiladigan maʼmuriy amaliyot xodimlari uchun sarflanadigan xarajatlar Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.