Avtoturargohda turgan avtomashinani yoqib yuborgan shaxs qoʻlga olindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum shaxs avtoturargohda turgan avtomashinani yoqib yuborgani aks etgan video tarqaldi.

    Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan dastlabki maʼlumotlarni taqdim qildi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 17-aprel kuni taxminan soat 23:40 larda Mirzo Ulugʻbek tumani, Yalangʻoch dahasi hududida joylashgan avtoturargohlarning birida 1988-yilda tugʻilgan M.J. oʻzaro kelishmovchilik sababli tanishi 1983-yilda tugʻilgan N.K. ga tegishli “Tesla” rusumli avtomashinani yoqib yuborgan. Koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro M.J. ushlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulugʻbek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi (“Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov davom etmoqda.