19 Apr 2025
09:17

    Avtoturargohlarda noqonuniy tarzda toʻlov talab qilinsa, xabar berish soʻraldi

    Raqobat qoʻmitasi elektrozaryad stansiyasi yoki avtoturargoh joyida transport vositasini toʻxtatgani uchun noqonuniy tarzda toʻlov talab qilinsa, 1159 qisqa raqamiga murojaat qilishni soʻrdi.

    Qonunchilikka koʻra, transport vositalarini saqlash (toʻxtash) uchun toʻlov undirish maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida amalga oshiriladi hamda belgilangan tariflarga muvofiq boʻlishi shart, deb yozadi Qoʻmita axborot xizmati.

    Qayd etilishicha, elektrozaryad stansiyalari hududida toʻxtash uchun toʻlov undirish faqat operatorda tegishli ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirdagina qonuniy hisoblanadi. Agar ushbu xizmat koʻrsatuvchi subyekt maxsus ruxsatnomaga ega boʻlmasa, toʻlovlarning undirilishi qonunga zid deb hisoblanadi.

    Toʻxtash (avtoturargoh) joylariga qoʻyiladigan asosiy talablar:

    litsenziyalash:

    • operatorlar belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishi va maxsus ruxsatnomaga ega boʻlishi shart;
    • tashkiliy talablar: avtoturargoh joylari belgilangan texnik va sanitariya meʼyorlariga muvofiq tashkil etilishi zarur;
    • tariflarning ochiqligi: toʻxtash uchun tariflar ochiq-oydin, shaffof boʻlishi va mahalliy xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlangan chegaralardan oshmasligi lozim;
    • mashinalar saqlanishi uchun javobgarlik: operator avtoturargohda qoldirilgan transport vositalarining butligi va xavfsizligini taʼminlash uchun masʼuldir. Ular mashinaning oʻgʻirlanishi, buzilishi yoki shikastlanishi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.

    davlat nazorati:

    • soliq organi tomonidan avtoturargohlar faoliyatining qonunga muvofiqligi muntazam nazorat qilib boriladi;
    • soliq majburiyatlari: avtoturargoh xizmatini koʻrsatuvchi subyektlar oʻz faoliyati uchun belgilangan soliq va majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashi shart;
    • faoliyatni alohida hisobga olish: agar yuridik shaxs avtoturargoh xizmati bilan birgalikda boshqa faoliyat bilan ham shugʻullansa, har bir faoliyat turi boʻyicha alohida hisob yuritilishi lozim.

    yerdan foydalanish:

    avtoturargoh faoliyati yerdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar asosida yuritilishi shart. Yerdan huquqiy asossiz foydalanish qonunga xilofdir va javobgarlikka sabab boʻladi.

    "Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 12-moddasiga koʻra, isteʼmolchilar oʻzlariga taqdim etilayotgan tovar va xizmatlarning sanitariya-gigiyena, xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlishiga hamda oʻz hayoti, sogʻligʻi, atrof-muhit va mol-mulki uchun xavfsiz boʻlishiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga egadir.
    Agar sizdan elektrozaryad stansiyasi yoki avtoturargoh joyida transport vositasini toʻxtatganingiz uchun noqonuniy tarzda toʻlov talab qilinsa, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining 1159 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz mumkin", — deyiladi xabarda.


    Telegram kanalimiz
    Text to speech