Axborot texnologiyalari sohasida 100 minggacha yosh mutaxassis tayyorlanadi

    Raqamlashtirish 4 Sentabr 2021 2010

    “Axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasida yosh mutaxassislarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (556-son, 31.08.2021-y.) qabul qilindi

    Qarorga koʻra, axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasida yosh mutaxassislarni maqsadli oʻqitishni qoʻllab-quvvatlash va ularni keyinchalik ishga joylashtirish mexanizmi joriy etiladi.

    Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:

    AT “Aloqabank” huzurida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida Venchur jamgʻarmasi;

    masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida “IT-bilimlarni rivojlantirish markazi”.

    Axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasida keyingi 5 yil ichida 100 minggacha yosh mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, ularni keyinchalik ishga joylashtirishda koʻmaklashish Markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Shunga koʻra, har yili 5 yil ichida mutaxassislarning sohada maqsadli tayyorlanishini va ularning startap-loyihalarini moliyalashtirishni tashkil etish uchun Markazga 50 mlrd soʻm miqdorida amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasining yarmidan oshmagan holda qarz ajratiladi va u keyingi 5 yil ichida bosqichma-bosqich qaytariladi.

    Vazirlik va tashkilotlar ehtiyojidan kelib chiqib, Markaz tomonidan tanlangan taʼlim tashkilotlari oʻrtasida har yili belgilangan maqsadli parametrlar doirasida buyurtma shakllantiriladi.

    Taʼlim tashkilotlarida maqsadli oʻqish uchun 16 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi nomzod boʻladi.

    Nomzodlar Markaz tomonidan taʼlim tashkilotlari bilan birgalikda tanlov asosida tanlanadi.

    Tanlab olingan nomzodlar (stipendiatlar) Markaz bilan ularning istiqboldagi daromadlarini ulush tarzida taqsimlash toʻgʻrisidagi shartnomani (Income Share Agreement) tuzadi, unga koʻra axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasida ularning oʻqishini toʻlashga maqsadli qarz taqdim etiladi.

    Stipendiatlar oʻqishni tugatgandan soʻng maqsadli qarz va ushbu qarz boʻyicha foizlarni qaytarishga majbur.