Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarga javobgarlik belgilanadi

    Xavfsizlik 24 Noyabr 2023 1798

    Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida“gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yoʻli bilan bloklab (toʻsib) qoʻyish, maʼlumotlarini oʻchirib yuborish, oʻzgartirish yoki olib qoʻyish bilan qoʻrqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilyapti.

    Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik maʼlumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchrayapti.

    Shu bois, Jinoyat kodeksidagi (165-modda) tovlamachilik tushunchasiga oʻzgartirish kiritilib, sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bogʻliq huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilanadi.

    Bundan tashqari, xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga maʼlum bir haq evaziga oʻzgalarning IMEI kodlarini koʻchirib berish holatlari koʻpayib boryapti.

    Hozirda birgina IMEI kodida 5 011 ta, yana boshqa bir IMEI kodida esa 2 347 ta SIM-kartalar bir vaqtda faol holatdaligi aniqlangan.

    Qonunchilikda bunday harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan biron-bir huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash belgilanmagan.

    Shu sababli qonunchilikdagi mazkur boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga mobil qurilmaning xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda oʻzgartirganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kiritiladi.

    Shu bilan birga Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik hamda mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun tegishli javobgarlik nazarda tutilgan.

    Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shugʻullanganlar ushbu jinoyat haqida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan va uni fosh etishda yordam bergan hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi senatorlar tomonidan qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Mazkur Qonunning qabul qilinishi kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, ularga qarshi kurashish hamda tergov qilishda barcha kuch va vositalarni toʻliq yoʻnaltirishga, shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik doirasini aniq norma bilan belgilash imkonini beradi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.