Ikki kun davom etadigan forumda ishtirokchilar axborot kampaniyalarini tashkil etish, sifatli media kontent yaratish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishning dolzarb masalalarini, matbuot xizmati faoliyatida sunʼiy intellekt imkoniyatlari va zamonaviy tendensiyalarni aniq keyslar misolida muhokama qilib, fikr va tajriba almashadi.
— Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlar matbuot kotiblarining maqomini oshirib, ularga keng imkoniyatlar ochib bermoqda, — deydi Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov. — Umid qilamanki, media-forum hamkasblarning bu boradagi bilim va tajribasini oshirishga, oʻz xizmat vazifalarini yanada sifatli va mukammal bajarishlariga xizmat qiladi. Bu yoʻlda ularga kuch-gʻayrat va muvaffaqiyatlar tilayman.
Shuningdek, media-forumda sohada hanuz tizimli kamchiliklar va sustkashlik kuzatilayotganini, oʻz ustida tinimsiz ishlash, ogohlik, jonkuyarlik, tezkorlik va yuksak professionalizm matbuot kotiblarining bosh mezoni boʻlishi kerakligi aytib oʻtildi.