Axborot xizmatlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi

    Raqamlashtirish 5 Aprel 2021 1507

    “Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari to‘g‘risida ma’lumot berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (179-son, 03.04.2021 y.) qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, Davlat xizmatlari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Axborot xizmatlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi.

    Markaz aholi va tadbirkorlardan murojaatlarni qabul qilish bo‘yicha Yagona davlat xizmatlarini ko‘rsatish axborot-aloqa markazi faoliyatini tashkil etadi.

    Qaror bilan Markaz tomonidan davlat xizmatlari bilan bog‘liq hamda bog‘liq bo‘lmagan murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartiblari belgilandi.

    Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatlarini ko‘rsatishda idoraviy aloqa markazlari (ishonch telefonlari) faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.

    Idoraviy aloqa markazlari tomonidan murojaatlar 20 daqiqa mobaynida qabul qilinadi.

    Idoraviy aloqa markazlari, jumladan, murojaatchilarga davlat xizmatlarini taqdim etish hamda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati to‘g‘risida, davlat xizmatlari bo‘yicha maslahatlar berish va so‘rovlarni qayta ishlashni amalga oshiradi.