Axsi muzeyida 1300 dan ortiq noyob eksponat "Milliy mulk" sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

    Axsi osori-atiqalar muzeyining ro‘yxatga olingan eksponatlari ichida 2000 yillik suvdon, 1000 yillik shamshir va qilich, 1200 yillik muhr ham bor.

    Eksponatlarning uch o‘lchamdagi tasvirlari professional kameralar tomonidan suratga muhrlandi.

    To‘raqo‘rg‘on tumani Yakkatom mahallasida joylashgan Axsi sayyidlari ilmiy-maʼrifiy, meʼmoriy majmuasi tarkibidagi ushbu muzeyida Mirzo Bobur va Temuriylar davriga oid mingdan ortiq eksponat to‘plangan. Ahamiyatlisi, ularning bari shu qishloqdagi qazishma ishlari davomida qo‘lga kiritilgan noyob topilmalardir.

    – Muzeyimizda I asrdan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda foydalanuvda bo‘lgan ashyolar saqlanmoqda, – deydi majmua rahbari Bilolxon Rustamov. – Ular orasida 2000 yillik suvdon, 1000 yillik shamshir va qilich, 1200 yillik muhr alohida o‘ringa ega.

    Ayni paytda muzey uchun yangi joy hozirlanmoqda. Majmua tarkibidagi Hunarmandchilik markazi, ilmiy-qo‘lyozmalar maktabi ham joriy yilda foydalanishga topshiriladi.