Qadimiy markazda barpo etilayotgan ochiq osmon osti muzeyi va uning yaqinida qurilishi koʻzda tutilayotgan majmua borasida Oʻz FA Milliy arxeologiya markazining professori Abdulhamid Anorboyev shunday deydi:
— Mazkur loyihaga koʻra, Axsikentda 10 ta arxeologik obyekt ustida ochiq osmon osti muzeyi barpo etiladi. Yodgorlik yaqinida katta majmua qurilishi koʻzda tutilgan, xususan, bu majmua tarkibida tarixiy-arxeologik muzey, hunarmandlar markazi, tarixiy festival uchun amfiteatr barpo etiladi.
Axsikentda va uning yonida barpo etilishi koʻzda tutilgan yirik majmuada har ikki yilda tarixni oʻziga xos tarzda jonlantiruvchi, kishilarni oʻtmishni oʻrganishga chorlovchi va butun jahonga boy tariximizni targʻib qiluvchi xalqaro festival oʻtkazilishi ham belgilangan.