Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi holatni oʻrganilayotganini maʼlum qildi. Oʻrganishdan soʻng bu boʻyicha batafsil maʼlumot berilishi va huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy tartibda chora koʻrilishi qoʻshimcha qilindi.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar roʻyxati tasdiqlangan. Ushbu roʻyxatga ayiqlarning barcha turi kiritilgan. Yaʼni boshqa hayvonlar qatori ayiqlarni ham davlat va mobil sirklarida (shapitolar) saqlash hamda ulardan sirk tomoshalarini oʻtkazish maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi.
«Unutmang! Ekologiya vazirligi hayvonlarga nisbatan har qanday shafqatsiz munosabatni qoralaydi va bu kabi holatlar qonunga koʻra javobgarlikka sabab boʻlishini yana bir bor eslatib oʻtadi«, — deyiladi xabarda.