Ayol eriga jahl qilib farzandini o'ldirmoqchi bo'ldi

    Tashvishli xabar 6 Iyun 2024 1199

    Hozirda ayolga nistabat jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.

    Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on shahrida 32 yoshli ayol chet davlatdagi eriga jahl qilib, farzandini o'ldirmoqchi bo'ldi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati boshlig'i Jahongir Sa'dullaev xabar berdi.

    Unga ko'ra, Kattaqo'rg'on shahar Nurafshon mahallasida yashovchi 1992 yilda tug'ilgan F.M.(ayol), ayni damda chet elda bo'lgan turmush o'rtog'i (qonuniy nikohdan o'tmagan) bilan o'zaro kelishmovchilik natijasida, eriga jahl qilib, voyaga etmagan farzandiga nisbatan jismoniy kuch ishlatib qiynagan.

    “Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borishga kirishilgan. Bolaning ahvoli yaxshi, u hozirda mutaxassislar nazoratiga olingan”, deydi axborot xizmati boshlig'i.

    Uning qo'shimcha qilishicha, voyaga etmagan farzandiga nisbatan jismoniy kuch ishlatib qiynagan ayolga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a” bandi hamda 112-moddasi (O'ldirish yoki zo'rlik ishlatish bilan qo'rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.