Ayol maʼrifati – jamiyat saodati

    Fargʻona politexnika institutida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi va viloyat prokuraturasi hamkorlikda “Ayol maʼrifati – jamiyat saodatidir” nomli maʼnaviy –maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi.

    Unda oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan xotin-qizlar, ishbilarmon ayollar, kasanachi qizlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan uy-roʻzgʻor buyumlari, bejirim kiyim-kechaklar, oʻyinchoq mahsulotlari koʻrgazmasi va savdosi tashkil etildi.

    – Oʻzbek ayollari “yoʻqdan bor qiluvchi”lik xislati bilan ajralib turadi. Misol uchun, qiyqimlar, mato boʻlaklarini tashlab yubormay, quroq tikishadi, teshik idishdan esa gultuvak oʻrnida foydalanishadi, – deydi viloyat prokurorining oʻrinbosari Farhod Ismoilov. – Xotin-qizlarimizning tadbirkorligi, ishbilarmonligi va zukkoligi azaldan tahsinga sazovor boʻlib kelgan. Kengi yillarda xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab –quvvatlash, ragʻbatlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xotin -qizlarni yanada faollashtirdi, yangi tashabbuslar sari daʼvat etayotgani bilan ahamiyatli.

    Maʼrifiy kechada oliygoh talaba-qizlari ishtirokidagi “Zakovat” intellektual oʻyini bilimga chanqoq, topqir va zukko qizlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirdi.

    Shu kuni viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, oʻzining aʼlo xulqi va oʻzlashtirishi bilan koʻpga oʻrnak boʻlayotgan, shuningdek, kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar farzandlari boʻlgan talaba qizlar pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

    — Mamlakatning qay darajada rivoj topishi, jamiyatdagi kayfiyat va taraqqiyot olimu fozila ayollarning ish amallariga bogʻliq, — deydi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Maʼsudjon Sulaymonov. — Biz ayolning oʻrni koʻproq oilada, farzand tarbiyasida boʻlishi kerak, degan qarashga oʻrganib qolganmiz. Lekin yosh avlodning sogʻlom va maʼrifatli, yuksak maʼnaviyatli boʻlib voyaga yetishida xotin-qizlarning oʻrni juda muhim. Shu bois yurt ayollariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik kundan kunga taraqqiy etib bormoqda.

    Talaba yoshlar, taniqli sanʼatkorlar ijrosida taralgan dilrabo kuy-qoʻshiq, raqslar dastasi bayram kechasiga koʻtarinkilik bagʻishladi.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.