Ayol mutaxassis-trenerlarni tayyorlash boʻyicha trening oʻz ishini boshladi

    Ijtimoiy hayot 2 Dekabr 2021 1866

    2021-yil1-dekabrda Toshkent shahrida Idoralararo standart operatsion ish tartiblarini respublika miqyosida amaliyotga tatbiq etish maqsadida sogʻliqni saqlash, ichki ishlar organlari, psixologik va ijtimoiy xizmatlar yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassis-trenerlarni tayyorlash boʻyicha trening oʻz ishini boshladi.

    Mazkur trening Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi, BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi bilan hamkorlikda Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy koʻmagida tashkil etildi.

    Unda Ichki ishlar akademiyasi, Bosh prokuratura, Sudyalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti maxsuslashtirilgan filiali, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, Sogʻliqni saqlash, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari vakillari, Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi psixologik-pedagogik tashxis markazi, Respublika va hududiy reabilitatsiya markazlari, maktabgacha taʼlim, joylardagi xotin-qizlar va oilalar bilan ishlaydigan NNTlarning psixologlari, psixiatrlari va sud-tibbiy ekspertlari ishtirok etmoqda.

    Uch kun davom etadigan mazkur treningda ishtirokchilarga huquqiy, tibbiy va ijtimoiy psixologik xizmatlar boʻyicha koʻnikmalar beriladi. Shuningdek, treningda qatnashchilar taʼlim asoslari bilan tanishadilar, gender zoʻravonlik holatlariga javoban choralar taqdim etish mexanizmlari, jabrlanuvchi bilan ishlashda kompleks yondashuvning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtiladi.

    Ishtirokchilar olgan bilimlari asosida hududiy tuzilmalar vakillari hamda hududlarida oʻz tashkilot mutaxassislarini oʻqitadilar.

    2021-yil 3-dekabrda trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati.