Ayol yuksalsa yuksalar bashar

    “Bundan buyon O'zbekistonda hech bir ayol davlat va jamiyat e'tiboridan chetda qolmaydi” O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat MIRZIYOEV

    Oʻzbekistonda yashayotgan har bir ayol bugungi kunda chin maʼnoda, baxtli. Zero, uning barcha huquq va erkinliklari qonunlar bilan mustahkamlangan. Mamlakatimizda xotin-qizlarga zaifa deb emas, balki yurt ravnaqi, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan, oila va jamiyatda mustahkam oʻrni va soʻziga ega boʻlgan muhtaram va muqaddas zot – deya, cheksiz hurmat va ehtirom koʻrsatiladi.

    Yurtimizdagi bir guruh xotin-qizlar, davlat va jamiyat hayotida tutgan oʻrni, koʻp yillik samarali mehnati, tub islohotlardagi faol ishtiroki, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yoʻlidagi tashabbusi va faol ishtiroki uchun davaltimiz rahbari tomonidan faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.

    Goʻzallik, mukammallik, baxt va halovat bor

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xotin-qizlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi, faxriy jurnalist, pedagogika fanlari nomzodi, “Doʻstlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibi, Farida Abduraximova ham Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” degan yuksak unvonga musharraf boʻldi.

    – Xalqaro kongress markazida davlatimiz rahbari ishtirokida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida “Eng toʻgʻri yoʻlni bizga kim koʻrsatadi? Faqat va faqat sizlar, ayollar!” degan soʻzlaridan koʻnglim yana-da yorishib koʻzlarimga quvonch yoshlari keldi.

    Ayollarga bunday eʼtibor va ehtirom yana qaysi mamlakatda bor? Ayolni ulugʻlash oilani, Vatanni, hayotni ulugʻlashdir. Davlatimiz rahbarining yuksak eʼtibori, har bir chiqishlarida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvvatlashi, jamiyatdagi mavqeini yana-da yuksaltirishga doir bildirayotgan fikr va takliflari ayolarni yangi-yangi maralar sari chorlaydi va qalbimizda Vatanga daxldorlik hissini kuchaytiradi, – deydi biz bilan suhbatda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” Farida Abduraximova. – Ayol qay davr, qay mavqe va qay sharoitda boʻlmasin, barbir ayolligicha qolaveradi.

    Ehtimol shu boisdan ham ayol bor joyda goʻzallik, mukammalllik, baxt va halovat bordir. Hozir mening qalbimda ham ana shunday bir huzurbaxsh, totli halovat va baxtiyorlik mavjlanmoqdaki buni soʻz bilan taʼriflay olmayman. Muborak 71 yoshimni qarshi olganimda, Prezidentimizning yuksak mukofoti menga yana-da shijoat va ragʻbat bagʻishladi. Yurtim, xalqim, farzandlarim, nevaralarim oldida hali bajarishim lozim boʻlgan vazifalarim borligini, koʻpligini va men jamiyatimizga kerak ekanligimni yana-da teranroq angladim. Shunday quvonch, baxtiyorlik shukronasini inʼom etgan, kamtarona mehnatlarimni ulugʻlagan Prezidentimdan, juda ham minnatdorman! Toki tanamda jonim bor ekan, yuragim shu muqaddas Vatan taraqqiyoti uchun, yurt ravnaqi, xalq farovonligi uchun gupillab uraveradi...!

    Hayot musavviri

    Ayol – hayot musavviri. Bu koʻhna olamni ming bir xil rangin boʻyoqlarda aks ettiruvchi, atrofga goʻzallik, ezgulik, mehr va muhabbat ulashuvchi nozik xilqat, millatning or-nomusi, shaʼni, gʻururi va umr gultojidir. Farida opa ham yurgan yoʻllarida maʼrifatdan ziyo, maʼnaviyat sarchashmasidan ezguliklar taratib, yon-atrofiga yaxshilikning yorqin shuʼlalarini ulashayotgan olima ayol.

    Binobarin, Farida Abdurahimovaning, “Ayol oʻzi bir dunyo”, “Oila maʼnaviyat va qadriyat beshigi”, “Mahallada qizlarni sogʻlom turmush tarzi asosida oilaga tayyorlash” kabi mualliflik kitoblari yuqoridagi gaplarimizning yorqin dalilidir. Kitoblaridagi nasihatomuz soʻzlar, hikmatli oʻgitlar insonlarni ogohlikka chorlaydi, odamiylikka undaydi, yaxshilikka chaqiradi va eng asosiysi insonlarning maʼnaviy dunyosini boyitib, tafakkurini teranlashtirishga xizmat qiladi.

    Farida opa, “Umr shomidagi baxt”, “Omonat dunyo”, “Tortadirman jabrini” spektakllari hamda “Qirq togʻoraning – qirq nogʻorasi” teleserialining gʻoya muallifi ham hisoblanadi.

    Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati, ikki bora Oliy Majlis Senati aʼzosi, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari, shahar xotin-qizlar qoʻmitasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Farida Abduraximova, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, madaniy hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash, maʼnaviy va intellektual saviyasini yuksaltirish, kundalik turmushda munosib oʻrinni egallashiga har tomonlama koʻmaklashish, oilaviy ajrimlarning oldin olish, reproduktiv salomatlikni yaxshilash, ayollar, oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoyalash borasida mahallalarda va taʼlim muassasalarida 500 dan ziyod maʼruzalar qilgan.

    2019-yilda “Faxriy senator” sertifikati, 2020-yilda Oʻzbekiston xotin qizlar qoʻmitasining ”Moʻtabar ayol nishoni bilan taqdirlangan.

    Nafis tuygʻular dunyoni goʻzallashtiradi

    Bir soʻz bilan aytganda Farida opa jamiyatning haqiqiy faol aʼzosi. Qaysi soha yoki jabhada boʻlmasin, fidoiy tashkilotchi. Biz jamiyatimizda ana shunday mehnatsevar, jonkuyar, ayollarimiz borligidan quvonamiz. Goʻyo ulardan mehrning, muhabbatning, nafosatning hidi keladi. Qoʻllari mehnatga, yurgan yoʻllari esa faqatgina yaxshiliklarga yoʻgʻrilgan boʻladi.

    Davlatimiz rahbari aytganlaridek “Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga boʻlgan munosabati bilan belgilanadi”. Shuning uchun ham mamlaktimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish masalasi mamlakatda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

    Aslida Farida opa singari ayolar dunyoga baxt berish, quvonch ulashish, ezgu ishlar qilish uchun keladi. Oʻzidagi goʻzal va nafis tuygʻular bilan dunyoni goʻzallashtiradi. Yuragidagi mehr-muhabbati bilan hayotga jon bagʻishlaydi. Maqolamizni muxtasar qilar ekanmiz Farida opa Abduraximovani yuksak mukofot bilan yana bir bor muborkabod etib qolamiz.

    Gulichehar DURDIYEVA