“Ayollar daftari”ga kiritilgan boshpanasizlarga uy beriladi

    Xalq deputatlari Toshkent shahar sessiyasida Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Lola Boynazarovaning “Ayollar daftari” boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotini ham muhokama qilishdi.

    Taʼkidlanishicha, “Ayollar daftari”ning 3-bosqichiga 57 ming 042 nafar xotin-qizlar kiritilgan boʻlib, hozirgi kunda ularning 56 ming 114 nafariga, yaʼni qariyb 98,4 foiziga moddiy va amaliy yordam koʻrsatildi.

    Xususan, 47 mlrd. 140 mln. soʻm mablagʻ 44 ming 150 nafar xotin-qizlarga eng kam oylik ish haqi bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari hisobida moddiy yordam sifatida berildi. 28 ming 120 nafar xotin-qizlarga esa turli qoʻshimcha yordam sifatida 4 mlrd. 691 mln. 200 ming soʻm mablagʻ ajratildi.

    Bundan tashqari, 706 nafar xotin-qizlarga sektor rahbarlari tavsiyasiga asosan eng kam oylik ish haqi bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobari miqdorida 675 mln. 600 ming soʻm moddiy yordam koʻrsatildi. Umuman jami “Ayollar daftari” jamgʻarmasi hisobidan 52 mlrd 308 mln soʻm mablagʻ turli maqsadlar uchun yoʻnaltirilgan.

    Boshpanasiz, ogʻir sharoitda yashayotgan xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatdash maqsadida Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani “Bordomkoʻl” MFY da barpo etilgan koʻp qavatli uylardan 29 ta xonadon Mirobod, Mirzo Ulugʻbek, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy va Yashnobod tuman hokimliklari qoshidagi “Ayollar daftari” jamgʻarmasi hisobidan sotib olindi, hozirgi kunda ham bunday savobli ishlar davom ettirilmoqda.

    Xondonlar ijtimoiy uy sifatida tuman hokimliklari balansiga oʻtkaziladi va 5 yil muddatga “Ayollar daftari”ga kiritilgan boshpanasiz, ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarga ajratilishi koʻzda tutilgan.