Kun tartibidan FIFA Tartib-intizom qoʻmitasi, Etika, Apellyatsiya, Boshqaruv, Audit va Muvofiqlik qoʻmitasiga aʼzolarni saylash, aʼzo assotsiatsiyalar va Kengash tomonidan kiritilgan takliflarni muhokama qilish, futbolda irqchilikka qarshi global pozitsiyani mustahkamlash va FIFAga aʼzo boʻlgan assotsiatsiyalar takliflarini muhokama qilish masalalari oʻrin oldi. Kongressda FIFA Ayollar oʻrtasidagi Jahon chempionati 2031-yildan boshlab 48 ta jamoaga kengaytirilishi tasdiqlandi.

FIFA prezidenti Janni Infantino yangi formatdagi FIFA Jahon chempionatlari haqida soʻz yuritar ekan, turnirlar tarixdagi eng xilma-xil musobaqalar boʻlishini taʼkidladi. Bu — koʻplab jamoalarga xalqaro maydonda oʻz imkoniyatlarini namoyish etishga undash hisoblanishi, ushbu oʻzgarishlar esa futbolni yanada ommalashtirish va har bir qitʼaga yanada kattaroq imkon berish maqsadida qilinayotgani qayd etildi.

Futbol dunyoni birlashtiradi. Bu oʻyin faqatgina quvonch manbai boʻlishi kerak. Futbolni rivojlantirishda barcha hududlarni qamrab olishimiz lozim. Bu bizning masʼuliyatimiz — global futbol hamjamiyatining vazifasi, dedi FIFA prezidenti.

Kongress davomida joriy yilda boʻlib oʻtadigan klublar oʻrtasidagi FIFA Jahon chempionati hamda keyingi yili oʻtkaziladigan milliy terma jamoalar oʻrtasidagi Mundial xususida ham soʻz bordi.

Kun tartibiga koʻra, FIFAning 76-Kongressi 2026-yil 30-aprel Kanadaning Vankuver shahrida oʻtkazilishi belgilandi.