Bugun, 9 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” boʻyicha saʼy-harakatga chaqiriqning Oʻzbekiston tomonidan imzolanishi marosimida ishtirok etdi hamda videomurojaat yoʻlladi.

Taʼkidlash joizki, 2019 yil fevral oyida AQSH prezidenti maslahatchisi I.Tramp “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bilan chiqdi. Mazkur tashabbus dunyo boʻylab ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 18 ta yoʻnalishdan iborat boʻlib, 122 mln. AQSH doll. qiymatidagi byudjetga ega.

Tadbir doirasida Oʻzbekistonda xotin-qizlarning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani va bu borada qator ijobiy natijalarga erishilayotgani taʼkidlab oʻtildi.

Imzolangan hujjatning maqsad va tamoyillari mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan davlat siyosati bilan hamohang ekanligi qayd etildi.

Bu tashabbus dunyoda gender tenglikni taʼminlash ishiga salmoqli hissa qoʻshadi.

Mazkur hujjat ayollarni mamlakat iqtisodiy hayotida ilgari surish va toʻlaqonli, erkin ishtirok etish, iqtisodiy oʻsish, barqarorlik va tinchlik uchun yana-da koʻproq imkoniyatlarni ochishga chorlaydi.

Oʻzbekiston esa mazkur yoʻnalishda xalqaro miqyosda manfaatli hamkorlikka tayyor ekanini maʼlum qildi.