Dunyo miqyosida gender tengligi, oilaviy zo‘ravonlik va bolalarga nisbatan huquqbuzarliklar dolzarb ijtimoiy muammolar sifatida qolmoqda. BMTning Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha statistikasiga ko‘ra, dunyoda har uch ayoldan biri o‘z hayotida zo‘ravonlikka uchragan. O‘zbekistonda ham ushbu muammo jiddiy ijtimoiy ahamiyatga egaligini 2026-yil 3-mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risada”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilinganidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu farmonning asosiy maqsadlaridan biri sifatida: nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish, ota-onalarning o‘z voyaga yetmagan farzandlari uchu mas’uliyatini oshirish hamda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, shuningdek, bunday holatga uchragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish kabilar belgilangan.
Jamiyat taraqqiyoti sog‘lom va mustahkam oilalarga bog‘liq. Oila esa tayyorgalik, ongli qaror va mas’uliyat asosida qurilgandagina barqaror bo‘ladi. Shunga qaramay, ayrim hollarda yoshlar hali jismoniy, ruhiy va iqtisodiy jihatdan tayyor bo‘lmasdan turib nikoh qurishmoqda. Bu esa erta nikoh muammosini vujudga keltiradi. Erta nikoh – bu shunchaki “erta oila qurish” emas. Bu yoshlarning sog‘lig֥i, ta’limi va kelajak imkoniyatlariga bevosita ta’sir qiladigan jiddiy ijtimoiy muammodir. “World Health Organization” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smir yoshdagi homiladorlik ona va bola salomatligi uchun yuqori xavf omili bo‘lib hisoblanadi. Erta turmush qurgan qizlarning ko‘pchiligi o‘qishni davom ettira olmaydi. Natijada ular kasb-hunar egallash, iqtisodiy mustaqillikka erishish imkonidan mahrum bo‘ladi. UNICEF qayda etishicha, erta nikoh qizlarning ta’limdan chiqib ketishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biridir. Ta’lim darajasi oshagni sari erta nikoh holatlari kamayishi kuzatiladi. 16-17 yoshdagi yoshlar hali ayotiy tajriba orttirish bosqichida bo‘ladi. Oilaviy nizolarni hal qilish, murosaga kelish, moliyaviy rejalashtrish kabi ko‘nikmalar vaqt va tajriba talab qiladi. Erta nikoh ko‘pincha tushunmovchiliklar, ruhiy bosim, zo‘ravonlik va ajrimga olib keladi. Farmonda erta nikohning oldini olishga qaratilgan muhim normalar belgilangan. Bu muammao O‘zbekiston uchun alohida dolzarbligi bilan ajralib turadi. Farmonda erta nikohga qarshi kurashni nafaqat taqiq yoki jazolash mexanizmlari orqali, balki ijoiy rag‘batlantirish choralarini ham qo‘llash orqali amalga oshirish ko‘zda tutilgan. “Erta nikoh”ni oldini olish uchun ushbu prezident farmonida bir qancha choralar ko‘rilishi belgilangan bo‘lib, yoshlarning o‘z hayot yo‘lini ongli ravishda belgilashiga ko‘maklashish, shuningdek, nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida:
1. 2027-yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun:
2. davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi;
3. ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar a’zolariga ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etilagan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi;
4. nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qo‘llaniladi.
Bu yondashuv xalqaro amaliyotda ham o‘z samaradorligini isotlagan bo‘lib, Bangladesh, Hindiston va boshqa davlatlardagi tajribalar shuni ko‘rsatadiki, faqat taqiq va jarima qo‘llashdan ko‘ra iqtisodiy rag‘batlantirish samarali natija beradi.
Ayollar va bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy amaliyotni o‘rgangan holda (femitsid) xotin qizlarni aynan jinsi sababli o‘ldirish, (familitsid) oila a’zolarini qasddan o‘ldirish, (stalking) shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy ta’qib qilish, (kiberzo‘ravonlik) Internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zo‘ravonlik, (onlayn gruming) voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda Internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish kabi yangi jinoyatlar uchun qonunchilikka javobgarlik belgilash ham yuqorida ta’kidlangan Farmonning asosiy xususiyatlaridan biri. Femitsid tushunchasining qonunchilikda alohida belgilanishi jinoiy-huquqiy nuqtai nazardan muhim qadam hisoblanadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra butun dunyoda qasddan o‘ldirilgan qurbonlarning 47 foizini hissiy sherik yoki oila a’zolari tomonidan o‘ldirilgan ayollar tashkil etadi. Ayolning aynan jinsi sababli o‘ldirilganligini alohida jinoiy holat sifatida belgilash bu – jinoyatlarning haqiqiy tabiatini aks ettirib, jazolanishini kuchaytiradi. “Kiberzo‘ravonlik” va “onlayn gruming” masalasi ayniqsa dolzarb bo‘lib raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan birga bu jinoyatlarning ham soni oshib bormoqda.
Jamiyatning eng nozik va himoyaga muhtoj qatlami bu – bolalardir. Ularning sha’ni, qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash har qanday davlatning ustuvor vazifasidir. Shu nuqtai nazardan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar uchun jazoni keskin kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Xususan, ilgari shunday jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar yana o‘ta og‘ir jinoyat sodir etsa – ya’ni o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegsa yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda jinsiy ehtiyojini qondirsa – ularga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy jinoyatlar eng og‘ir va kechirib bo‘lmaydigan jinoyatlardan hisoblanadi. Ayniqsa, ilgari sudlangan shaxsning yana shunday jinoyat sodir etishi uning tuzalmaganini va jamiyat uchun yuqori xavf tug‘dirishini anglatadi.
Kriminalogik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayrim toifadagi jinsiy jinoyatchilar qayta jinoyat sodir etish xavfi yuqori guruhga kiradi. Shu sababli ko‘plab davlatlarda bunday shaxslarga nisbatan jazolar keskinroq belgilanadi. Birinchidan, bu – profilaktik choradir. Qattiq jazo potensial jinoyatchilarni ogohlantiruvchi omil bo‘lib ximzat qiladi. Ikkinchidan, bu – jamiyatni himoya qilish mexanizmi. Agar shaxs avval ham shunday jinoyat sodir etgan bo‘lsa, uning erkinlikda qolishi bolalar uchun xavf tug‘dirishi mmkin. Uchunchidan, bu - adolat tamoyili. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan zo‘ravonlik - bu nafaqat jismoniy, balki umrbod ruhiy jarohat demakdir. Bunday jinoyat oqibatlari ko‘pincha butun hayot davomida saqlanib qoladi. Ko‘plab rivojlangan davlatlarda voyaga yetmaganlarga nisbatna og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun eng yuqori jazo chorasi qo‘llanadi. Masalan, AQShning ayrim shatatlarida bolalarga nisbatan og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Shuningdek, maxsus jinsiy jinoyatchilar reyestri yuritiladi. Buyuk Britaniyada ham voyaga yetmaganlarga qarshi og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun uzoq muddatli yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. Shu tuafyli ham Farmoda Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar quyidagi jinoyatlarni sodir etganda ularga tegishincha umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash nazarda tutilgan:
– o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish;
– o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojini zo‘rlik ishlatib g‘yritabiiy usulda qondirish;
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasining ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida erishgan yutuqlari ustiga qurilgan va bir qator jihatlar bilan oldingi hujjatlardan farq qiladi. Birinchidan, u profilaktika va jazolarning uyg‘un kombinatsiyasini taklif etadi. Ikkinchidan, texnologik yondashuvlarni himoya mexanizmlariga integratsiya qiladi. Uchinchidan, idoralararo hamkorlik uchun aniq huquqiy majburiyatlarni belgilaydi. To‘rtinchidan, yangi ijtimoiy hodisalar – kiberzo‘ravonlik, stalking, femitsid, onlayn gruming – uchun huquqiy tartibga solish mexanizmini yaratadi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari doirasida gender tenglikni ta’minlash va ayollar hamda bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi irodasini yanada mustahkamlaydi. Mazkur islohotlarning izchil amalga oshirilishi mamlakatda murosasizlik muhitini shakllantirib, himoyasiz toifalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiqni bartaraf etishga muhim hissa qo‘shadi.
|
|
Bobonazarov Muhammadjon,
|