Ayollarning iqtisodiy faolligiga kir yuvish mashinalarining taʼsiri bormi?

    Kir yuvish mashinalari bilan taʼminlanganlik darajasi 1 foizga oshadigan boʻlsa, bu iqtisodiy faol ayollar sonining 1,9 foiz oshishiga olib keladi.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekistonda ayollarning kir yuvish mashinalari bilan taʼminlanishi ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligiga qanday taʼsir qilishini aniqlashga qaratilgan tadqiqot oʻtkazdi.

    Xalqaro tadqiqotlarga koʻra, dunyo aholining 67 foizi haftasiga kamida ikki marotaba, 31 foizi esa har kuni kir yuvadi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasida istiqomat qiluvchilarning deyarli yarmi (45%) kiyimlarini har kuni yuvadi. Afrika, Yaqin Sharq mamlakatlari va Lotin Amerikasida istiqomat qiluvchilar kirni koʻproq qoʻlda yuvadi.

    Kirni mashinada yuvish boʻyicha dunyo mamlakatlari orasida eng yuqori koʻrsatkich Yevropa mamlakatlarida va Shimoliy Amerikada kuzatiladi.

    Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistondagi har 100 ta uy xoʻjaligining 95 tasida kir yuvish mashinasi bor. Kir yuvish mashinalari bilan taʼminlanganlik koʻrsatkichi Sirdaryo viloyatida eng past - 83 ta, Toshkent shahrida esa eng yuqori - 128 ta.

    Yevropa mamlakatlarida uy xoʻjaliklarining kir yuvish mashinalari bilan taʼminlanganlik darajasi Italiyada 97 foizni, Avstriyada 94 foizni, Germaniyada 93 foizni, Buyuk Britaniyada 92 foizni, Fransiyada 90 foizni, Norvegiyada 88 foizni, Shvetsiyada 72 foizni tashkil etadi.

    MHTI tahliliga koʻra, agar uy xoʻjaliklarining kir yuvish mashinalari bilan taʼminlanganlik darajasi 1 foizga oshadigan boʻlsa, bu iqtisodiy faol ayollar sonining 1,9 foiz oshishiga olib keladi.

    Ayollar, ayniqsa qishloqlarda istiqomat qiluvchi ayollarning kundalik hayotda avtomat kir yuvish mashinalaridan foydalanishi bir haftada oʻrtacha 4 soat vaqtni tejash imkonini beradi. Bu vaqtni esa farzandlarning taʼlim-tarbiyasi uchun sarflashi mumkin. Kir yuvish mashinalaridan foydalanish suv va energiya sarfining kamayishiga ham olib keladi.